Daryo

Rossiya Hindistondan benzin import qilishni boshladi

Neft zaxiralariga qilingan hujumlar sababli kamida 12 ta hududda energetika inqirozi qayta avj oldi. Tanqislikni qoplash uchun Moskva chetdan, xususan, Hindistondan mahsulot xarid qilishga majbur bo‘lmoqda.

2 daqiqa o‘qish3 953 ko‘rishlar0 izoh0

Hindistondan benzinning birinchi partiyasi Rossiyaga yetib keldi. Bu haqda Bloomberg agentligi Kpler xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Yonilg‘ining birinchi partiyasi 5-avgust kuni Hindistonning Nayara Energy neftni qayta ishlash zavodidan yetkazib berildi. “Rosneft” kompaniyasi ushbu zavodning aksiyadori hisoblanadi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 18-iyun kuni Cyclone tankeri birinchi yetkazib berish uchun taxminan 42 ming tonna yonilg‘i ortgan. Iyul oyida yuk Misrning Damiatta porti yaqinida boshqa kema o‘tkazilgan. Shundan so‘ng benzin avgust oyi boshida Rossiyaga olib kelingan.

Reuters agentligi iyul oyi boshida Rossiya yonilg‘i inqirozi fonida Hindistondan benzin sotib olishni boshlagani haqida xabar bergan edi. Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, Rossiyaga kamida 60 ming tonna benzin jo‘natilgan. Soha manbasining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har oy turli mamlakatlardan 400 ming tonna benzin import qilishni rejalashtirmoqda.

Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridorlaridan biridir. Iyun oyida Rossiyaning Hindistonga neft eksporti kuniga 2,7 million barrelga yetib, rekord o‘rnatdi. Bu Hindiston umumiy neft importining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Rossiyada yonilg‘i inqirozining yangi to‘lqini boshlandi

Hududlardan olingan xabarlarga ko‘ra, avgust oyi boshida Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari sababli Rossiyada yoqilg‘i inqirozining yangi to‘lqini boshlandi. Janubiy hududlardan tortib Primoryegacha bo‘lgan turli viloyatlar aholisi zapravkalarda navbatlar paydo bo‘lganini ma’lum qildi.

Orenburg viloyati va Sochida bir xaridorga yonilg‘i sotish bo‘yicha cheklovlar qayta joriy etildi. Bundan tashqari, Sochi administratsiyasi aholi va turistlardan shaxsiy avtomobillardan foydalanmaslikni iltimos qildi.

7x7 nashri ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 12 ta hududda benzin uchun yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yana ko‘p soatlik navbatlar kuzatilmoqda. Ushbu hududlar qatoriga Krasnodar o‘lkasi, Voronej, Kaluga, Rostov, Ryazan, Tambov, Tula, Saratov, Smolensk, Penza va Ulyanovsk viloyatlari, shuningdek, Primorye kiradi.

Avvalroq Rossiyada Xitoy avtomobillari sifatsiz benzin sabab ishdan chiqayotgani haqida xabar berilgandi. Hukumat yonilgʻi inqirozi tufayli “Yevro-2” standartidagi benzinidan foydalanishga ruxsat bergan. Undan foydalangan Haval, Chery, Jetour va shu kabi Xitoy avtomobillari egalari nosozlikdan shikoyat qilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar