Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi benzin zaxiralari hozirda 1,7 million tonnani tashkil etayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “TASS” axborot agentligi xabar berdi.
Putinning aytishicha, Rossiya Energetika vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mavjud benzin zaxiralari o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga deyarli teng.
“Energetika vazirligi taqdim etgan ma’lumotnomaga ko‘ra, hozirgi vaqtda benzin zaxiralari 1,7 million tonnani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davridagi darajaga deyarli mos keladi. Pasayish juda kam — atigi 4 foiz”, dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yonilg‘i zaxiralaridan foydalanishni boshlagan bo‘lsa-da, benzin hajmi o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolmoqda.
Rossiya rahbari ichki bozorga avval shakllantirilgan yonilg‘i zaxiralari chiqarilganini ham ta’kidladi.
Bundan avval Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash tashqi bosimga munosib javob bo‘lishi kerakligini aytgan edi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan iqtisodiy bosim mamlakat oldida turgan asosiy chaqiriqlardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Rossiya hukumati ichki yonilg‘i bozorini barqarorlashtirish uchun dizel eksportiga to‘liq taqiq qo‘yishni rejalashtirayotgan edi. Bunga Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlari va ta’minot tarmoqlariga bergan zarbalari sabab bo‘lmoqda.
Zavodlar ishdan chiqqan
Ukraina shu bahorda Kremlni yuqori neft narxidan keladigan daromaddan mahrum qilish uchun zavodlarga hujumlarni kuchaytirdi. Dron zarbalari Rossiya benzin ishlab chiqarishining katta qismini ta’minlaydigan korxonalarda ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ydi yoki kamaytirdi.
O‘tgan haftada soha manbalari Reuters agentligiga Rossiya iyun oyida taqchillik tufayli Osiyodan dengiz orqali yonilg‘i import qilishini ma’lum qildi. Agentlikning bildirishicha, Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi 2025-yilning iyun oyidagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 25 foizga kamaygan.








