Ham futbolchi, ham murabbiy sifatida jahon chempioni bo‘lgan Frans Bekkenbauerning mashhur so‘zi bor – “Terma jamoaning jahon chempionatiga chiqishi o‘sha mamlakat futbolini besh yil oldinga suradi, chiqa olmaslik esa besh yil ortga uloqtiradi”.
Bu gaplar ancha oldin aytilgan, hozir Germaniya, Angliya va boshqa rivojlangan mamlakatlarda futbol jahon chempionati bilan u qadar bog‘lanmagan bo‘lishi mumkin. Lekin bizga o‘xshagan oddiyroq mamlakatlar uchun haliyam dolzarb bo‘lsa kerak. Hech bo‘lmasa, butun dunyo qarshisida o‘z futbolimizni, futbolchilarimizni namoyish qilish imkoni bor. Yarmarka.
Bilasizmi, bugun mana shu fikrga ham e’tirozlar ko‘p. Go‘yoki, u paytlarda futbolchilar aynan jahon chempionatlarida kashf qilingan, shu musobaqadagi o‘yinlari orqali baholanib, keyinchalik taniqli klublarga yo‘l olgan. Hozir esa biroz boshqacha – skauting shu darajada rivojlandiki, endi har qanday amerikalik yoki afrikalik futbolchini ham biz allaqachon, hali turnirga tashrif buyurmasidan avval tanib bo‘lamiz. Klublar ham boshqa yo‘llar bilan yosh iste’dodlarni jalb qilishmoqda, ya’ni har to‘rt yilda bo‘ladigan jahon chempionatini kutish shart emas.
Qisman, ha, to‘g‘ri. Lekin yana ba’zi faktorlar borki, asosiy holatdan biroz chalg‘itadi.
Birinchi faktor, teletranslyatsiyalar bilan bog‘liq farq. Ha, biz juda ko‘p futbolchilarni o‘zimiz uchun aynan jahon chempionatlarida kashf etganmiz, lekin biz bu – futbolni teleekran qarshisida tomosha qiladiganlar. Shunchaki, u paytlarda Yevropadagi yetakchi milliy chempionatlar bu qadar keng translyatsiya qilinmasdi. Biz Yevropa yetakchi klublarini faqat Chempionlar kubogi kabi katta musobaqalarda va o‘sha yuqorida tilga olingan mundiallarda ko‘rardik. Misol uchun Italiya o‘tgan jahon chempionati kashfiyoti deyishga o‘rganib qolganimiz Salvatore Skilachchi o‘shanda allaqachon “Yuventus” o‘yinchisi edi. Ya’ni hozirgi davr bo‘lganida biz Skilachchini shundog‘am tanir, birinchi o‘yinda zaxirada qoldirilganda, nega, asosiy tarkibda tushishi kerak deb bahslashib o‘tirgan bo‘lardik. Kamerun bilan nom chiqargan Roje Milla allaqachon Fransiya chempionatida o‘n yildan ko‘p o‘ynab qo‘ygan futbolchi edi. Marokash bilan Fransiyadagi mundialda porlagan Mustafo Xadji Ispaniya chempionati peshqadamlaridan biri “Deportivo” a’zosi bo‘lgan – uni ham tanimasligimiz ehtimoli kam bo‘lardi.
Ikkinchi faktor, “Bosman ishi”. 90-yillar o‘rtalarigacha Yevropa futboli bugungi ko‘rinishda bo‘lmagan. Klublar uchun legionerlar limiti mavjud bo‘lib, misol uchun, Italiya klubi asosiy tarkibda faqat 3-4 nafar italiyalik bo‘lmagan futbolchini o‘ynata olardi xolos. Demak, top-klublar mana shu limitdan unumli foydalanish maqsadida faqat eng zo‘rlarni jalb qilishadi – “Milan”dagi Gullit – van Basten – Raykard, “Inter”dagi Klinsman – Mateus – Breme uchliklarini eslasangiz kerak.
Ya’ni o‘sha paytlarda top-klublarda asosan mahalliy futbolchilar bo‘lib, tabiiyki, u qadar katta yulduz bo‘lmagan boshqa futbolchilar yo o‘rtamiyona klublar tarkibidan joy olishar yoki o‘z mamlakatidagi chempionatda qolishardi. Shuning uchun ham “Styaua”, “Benfika”, “Srvena Zvezda” kabi top-chempionatdan bo‘lmagan klublar ham yetarlicha kuchli bo‘lgan, Chempionlar kubogida finallargacha borib, ba’zida g‘alaba qozonishgan ham. Italiyadagi chempionatda ko‘pchilikka tanilgan ruminiyalik Leketush, masalan, “Styaua” o‘yinchisi edi, bugungi shartlarda u allaqachon Yevropa top-chempionatlariga o‘tib bo‘lgan va biz uchun kashfiyot sanalmagan bo‘lardi.
Bu tushunarli. Endi nega hozir ham jahon chempionatlari bizga o‘xshagan terma jamoalar uchun yarmarka vazifasini o‘tashi mumkinligi haqida gaplashamiz.
To‘g‘ri, O‘zbekiston tarkibidagi aksariyat futbolchilar, balki hammasi Yevropa uchun tanish, har biri bo‘yicha yetarlicha ma’lumotlar bazasi shakllangan. Agar agentlar yaxshi ishlasa, kerakli muzokaralar orqali har qanday futbolchimizga yaxshi klublardan joy topib berish mumkin, qo‘shilaman. Ammo ana o‘sha ma’lumotlar bazasida eng muhim bir ma’lumot yetishmaydi – futbolchining yuqoriroq darajadagi o‘yinlarga qanchalik tayyorligi.
Shartli O‘rozovni biror Yevropa top-klubi yetarlicha o‘rganishi mumkin, uning texnik ko‘rsatkichlari, tezligi, jismoniy ustunliklari har qancha tahlil qilinib, bazani shakllantirish mumkin. Ammo aytaylik, biror fransuz klubi uning Fransiya chempionatiga qanchalik tayyor ekanini qayerdan biladi? O‘sha bosim, yuklama, tempni ko‘tara olishi yoki olmasligining testi bormi? O‘rozovni faqat O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo terma jamoalariga qarshi yoki boshqa kuchliroq jamoaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida tekshirish mumkin xolos. Faqat bu ma’lumotlar asosida kattaroq summaga shartnoma qilish risk. Fransuzlar shunda ham berishi mumkin bo‘lgan narxlar esa bizning klublarga kamlik qilishi mumkin. Yevropalik futbolchilar uchun bu qulayroq – shartli “Bazel” Chempionlar ligasida “Barselona” yoki “Arsenal”ga qarshi o‘ynaydi, demak chiqib kelayotgan har qanday yosh iste’dodni kuzatib olish imkoniyati bor. Afsuski, osiyolik yaxshi futbolchilar uchun bu yo‘nalish yopiq.
Jahon chempionati aynan mana shunday pozitsiya uchun ayni muddao. Aytaylik, “Verder” bilan muzokara qilayotgan O‘rozovning agenti klubga tavsiya qiladi – u O‘zbekiston terma jamoasi safida Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘ynaydi. Uni bemalol Dias, Fernandesh, Ronaldu kabi yulduzlar bilan kurashlarda qanday harakat qilishini, shu darajadagi katta bosimda ham uning texnik va taktik salohiyati yo‘qolib qolmasligini tekshirib olish mumkin. Seleksiyada so‘nggi nuqtani qo‘yadigan jarayonlardan biri bu mundial.
Endi asosiy fikrga kelamiz. Debyut mundialimizda O‘zbekiston terma jamoamiz uchun aniq vazifa qo‘yilmagani, muhimi u yerda ishtirok etib tajriba to‘plash ekani haqida ko‘p aytilyapti. Bu munosabat to‘gri bo‘lishi ham mumkin, e’tiroz yo‘q. Lekin shu bilan birga, natijadan tashqari ikkilamchi strategiyalar ham bo‘lishi kerak. Mundialdan futbolchilarimizni namoyish qilishda ham foydalanishimiz maqsadga muvofiq.
Albatta, terma jamoada doim eng kuchlilar o‘ynashi kerak, Shomurodov o‘rniga boshqa yoshroq hujumchining tushirilishini talab qilish noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin oddiy misol, hozirda terma jamoamizning o‘ng qanoti muammo bo‘lib turibdi. Alijonovning holati noma’lum va Kannavaro bu pozitsiyada Sayfiyevni tushirish ehtimoli katta. Shunda savol tug‘iladi, Sayfiyev o‘ziga noqulay qanotda Behruz Karimovdan qay darajada kuchli? Shomurodovning boshqa biror hujumchidan farqi darajada kattamasdir farq? Hatto Sayfiyev Behruzdan sal samaraliroq deb hisoblagan taqdirimizda ham, 35 yoshli futbolchidan ko‘ra 18 yoshli Karimovni o‘ynatish strategik tomondan yaxshiroq qaror bo‘lmaydimi? Agar asosiy maqsad bo‘lajak Osiyo kubogi, undan keyingi saralashlar uchun ham poydevor qo‘yish bo‘lsa, Karimovning o‘zini ko‘rsatib, yaxshiroq klubdan o‘rin olish ehtimolining mavjudligi bizni jalb qilishi kerak emasmi ko‘proq?
Albatta, terma jamoada doim eng kuchlilar o‘ynash kerak. Lekin biz katta natija ham talab qilmayapmiz-ku, to‘g‘rimi?
O‘smir yoshlargacha futbol o‘ynaganman. Artur Petrosyan degan murabbiyimiz bo‘lardi, o‘zbek futboliga Muxtor Qurbonov, Umid Isoqov kabi futbolchilarni yetishtirib bergan. O‘sha murabbiy qo‘l ostida qandaydir viloyat turnirida qatnashdik va qo‘shni tumandagi sport maktabiga qarshi o‘yin bo‘ldi. Jamoamiz 12:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin tugagach, yechinish xonasidan tashqariga ketayotib, murabbiyimizning raqib jamoadagilar bilan suhbatlashib turganini ko‘rib qoldim. U raqib murabbiyidan markaziy himoyada to‘p surgan bir bolani surishtirar, uning yoshi, xarakteri, mabodo bizning maktabga o‘tishining iloji bor-yo‘qligi haqida savollar berayotgandi.
Tasavvur qiling, 12:1 hisobida yutqazgan jamoada ham futbolchi o‘zini namoyon qilishi mumkin ekan. Mundialdagi o‘yinlar natijasidan qat’i nazar, har qanday holatda o‘zimiz uchun foydali nimagadir erisha olsak, yutug‘imiz.








