Jahon chempionatining 1-turidan o‘rin olgan uchrashuvlardan biri — Eron va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi bahs (2:2) yakunlangach, Eron bosh murabbiyi Amir Galenoi matbuot anjumanida jamoasiga nisbatan bo‘layotgan bosimlardan noroziligini bildirdi. Murabbiyning ta’kidlashicha, Eron terma jamoasi o‘yin tugashi bilan zudlik bilan Los-Anjelesdan chiqib ketib, Meksikaning Tixuana shahridagi o‘quv-mashg‘ulot bazasiga qaytishga majbur qilingan.
Galenoi jamoaga o‘yindan keyin hordiq chiqarish va tiklanish uchun yetarli vaqt berilmaganidan shikoyat qilib:
“Biz havoda juda ko‘p vaqt o‘tkazdik, hatto tiklanishimizga ham vaqt berishmadi. Bugungi o‘yindan keyin esa bizga zudlik bilan ketishingiz kerak, deyishdi. Bizga Tixuanadagi bazaga qaytishimiz kerakligini aytishdi va bu bizni juda qiynamoqda”, dedi Galenoi.
Shuningdek, u o‘z jamoasini “butun jahon chempionatidagi eng tazyiq ostidagi jamoa” deb atadi. Jamoa sardori Mehdi Taremi esa Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj va boshqa yordamchi xodimlarning AQSHga kirishi taqiqlanganini tilga olib: “Biz uchun hammasi halokatli holat”, deb baholadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, Eronning bazasi musobaqa boshlanishidan bir necha hafta oldin Arizona shtatidan Meksikaning Tixuana shahriga ko‘chirilgan, holbuki jamoaning barcha guruh o‘yinlari AQSHda o‘tishi belgilangan edi.








