Raqobat qo‘mitasi tibbiyot tashkilotlarida “sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazishga start berilganini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, iste’molchilar xususiy yoki davlat tibbiyot tashkilotlariga tashrif buyurganda klinik protokollardan chetga chiqib boshqa diagnostik apparatlarda qo‘shimcha tekshiruvlarni o‘tkazish, shifokor bilan kelishilgan joylarda kerak bo‘lmagan tekshiruvlar yoki tahlillarni (analizlarni) topshirtirish, aynan ushbu kasallik uchun kerak bo‘lmagan dori yoki BFQlarni qo‘shimcha ravishda buyurish holatlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlar ko‘plab uchramoqda.
Qo‘mitada shu kabi holatlar yuzasidan shikoyatlar 2025-yil mos davrida 53 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil o‘tgan davrida 2,3 barobarga ortib, 127 tani tashkil etgan.
Tibbiyot sohasida shunday holatlarni oldini olish, profilaktika qilish uchun Raqobat qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kelishuv memorandumi imzolandi. Bunda, vazirlik klinik protokollarga amal qilingani yoki chetga chiqilgani bo‘yicha tegishli xulosa beradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yildagi 667-son qarori tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayinlash, realizatsiya qilish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini nazorat qilishda “sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom talablari doirasida tadbirlar o‘tkazish belgilangan.
Nizomga ko‘ra, “sirli mijoz” tadbiri faqatgina audio yoki videokuzatuv moslamalaridan yashirin foydalanilgan holda o‘tkaziladi.
Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha tibbiyot tashkilotlari iste’molchilarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatib, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etishlarini so‘radi.
O‘zbekistonda 2025-yilda “sirli mijoz” usulida nazorat qilish tibbiyot va dorixona xizmatlarida, banklar faoliyatida yo‘lga qo‘yilgandi. 2026-yil oktyabrdan qurilish jarayoni ishtirokchilarining korrupsiyaviy xatti-harakatlarini erta aniqlash maqsadida ham “sirli mijoz” mexanizmi joriy etiladi.








