Raqobat qo‘mitasi “Sirli mijoz” tadbirida 20 foiz dorixonada spirt o‘rniga losyon berilganini ma’lum qildi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, fuqarolar spirt mahsuloti so‘ralganda uning o‘rniga dorixona xodimi tomonidan losyon taklif etilayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan. Shu munosabat bilan qo‘mitasi tomonidan “Sirli mijoz” tadbiri doirasida dorixonalarda spirt mahsulotlarining realizatsiya qilinishi holatlari o‘rganildi. O‘rganishlarda 20 dan ortiq dorixona qamrab olindi va shundan taxminan 25 foizida spirt so‘ralganda uning o‘rniga losyon berilgani aniqlandi.
Shu bilan birga, dori vositalarini ishlab chiqarishda GDP sertifikatlari joriy etilib, sifat nazorati kuchaytirilgan davrda ayrim spirt ishlab chiqaruvchilar litsenziya olmagan va spirt o‘rniga losyon ishlab chiqarishni boshlagan. Mazkur holat yuzasidan iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilmagani ularni chalg‘itishga olib kelgan.
Ma’lumki, 70 foizli tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida, ya’ni:
- inyeksiyalar oldidan terini ishlov berish;
- asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish;
- yaralarni davolash;
- jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi.
“Shu bois spirt o‘rniga losyon taklif etilishi kutilgan natijani bermasligi va iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin. Ushbu holat o‘z navbatida iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumot berilishi va natijada zarar yetkazilishiga olib keladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Raqobat qo‘mitasi amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari sifatida e’tirof etilib, dorixonaga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atilishiga olib kelishi va bunday holatlarni oldini olish choralarini ko‘rish haqida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat chiqardi.
Qo‘mita yuqoridagilardan kelib chiqib, dorixonalarni iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik qonunchilik talablarini buzilishi ekanligi bo‘yicha ogohlantirdi.
O‘zbekistonda “Sirli mijoz” usuli bilan tibbiyot va dorixona xizmatlari sifatini baholash 2025-yil oktyabridan yo‘lga qo‘yilgandi.








