O‘zbekistonda qurilish sohasida korrupsiya holatlarining oldini olish va profilaktikani amalga oshirish maqsadida “sirli mijoz” tadbirlari o‘tkazib boriladi. Bu haqda prezidentning 5-iyundan kuchga kirgan 104-sonli farmonida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil oktyabrdan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining komplayens nazorat xizmati faoliyatida qurilish jarayoni ishtirokchilarining korrupsiyaviy xatti-harakatlarini erta aniqlash maqsadida “sirli mijoz” mexanizmi joriy etiladi. Har chorakda kamida bir marta “sirli mijoz” tadbirlari o‘tkazib boriladi.
Farmonda belgilanishicha, noqonuniy qurishlarning barvaqt oldini olish choralari ko‘riladi. Buning uchun 2026-yil sentyabrdan yerga oid huquq vujudga kelgan vaqtdan boshlab qurilishni amalga oshirishning qonunda belgilangan tartibiga rioya etish to‘g‘risida ogohlantirish (eslatma berish) tartibi joriy qilinadi.
Bunda yerga egalik huquqini beruvchi hujjatlarni (auksion, oldi-sotdi shartnoma, kadastr) rasmiylashtirish jarayonida qurilishni boshlash tartibi to‘g‘risida mulkdorga OneID orqali elektron ogohlantirish (eslatma) yuborish nazarda tutiladi.
2026-yil noyabrdan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining “online-mahalla.uz” tizimini Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiya qilish orqali mahallalarda hokim yordamchisi tomonidan hududdagi yangi qurilishlar haqida vakolatli organni xabardor qilish tartibi joriy etiladi.
2026-yil dekabrga qadar o‘zboshimchalik bilan qurilgan obyektlarni tashqi muhandislik tarmoqlaridan (elektr, suv, yo‘l) uzib qo‘yishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
O‘zbekistonda 2025-yilda “sirli mijoz” usulida nazorat qilish tibbiyot va dorixona xizmatlarida, banklar faoliyatida yo‘lga qo‘yilgandi.








