Prezident farmoni bilan sudlar apparatida kadrlarni boshqarish va nazorat qilishning zamonaviy tizimi joriy etiladi. Unda HR-menejment mexanizmlaridan keng foydalanish nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar sud apparati xodimlarini ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda nomzodlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalari bilan birga ma’naviy-axloqiy fazilatlari hamda halollik darajasi ham baholanadi.
Shuningdek, vakant lavozimlarni e’lon qilish va nomzodlarni saralash jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida vacancy.sud.uz portali hamda sud tizimi xodimlari bilan ishlashga mo‘ljallangan SudHR elektron platformasi ishlab chiqilib, ishga tushiriladi.
Farmonga muvofiq, sud tizimiga oliy yuridik ma’lumotga va ilmiy salohiyatga ega kadrlarni jalb etish uchun mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil sentyabriga qadar Odil sudlov akademiyasida sudyalar va sud apparati xodimlari uchun manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiyaning oldini olishga bag‘ishlangan “real keyslar” asosidagi o‘quv-amaliy moduli joriy etiladi.
Ushbu farmonga muvofiq, O‘zbekistonda sudyalar, sud apparati xodimlari va ular oila a’zolarining (turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari) daromadlari va mol-mulkini, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini deklaratsiya qilish tizimlari ishga tushiriladi.
Sud tizimining mavjud boshqaruv shtat birliklari doirasida sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va tartibga solish uchun mas’ul bo‘lgan Komplayens nazorat xizmatini tashkil etiladi








