Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorovning axboroti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida kengash raisi odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati to‘g‘risida prezidentga yil yakunlari bo‘yicha axborot taqdim etishi belgilangan.
Davlat rahbarining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida korrupsiyaga yo‘l qo‘yish — islohotlarga xiyonat hisoblanishi taʼkidlanib, mamlakatda unga qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilda “favqulodda holat” eʼlon qilingandi.
Shu sababli sudlar davlat hokimiyatining alohida bo‘g‘ini sifatida “korrupsiyadan xoli” tizimga aylanishida namuna bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Sud mustaqilligini taʼminlash, sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi bevosita masʼul hisoblanadi. 2025-yilda alohida farmon qabul qilinib, unga yangi vakolatlar berildi. Sud tizimi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Kengash huzurida Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi.
Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tgan yilda 135 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga, 286 nafar sudya lavozimga qayta tayinlandi, 241 nafardan iborat tergov sudyalari korpusi shakllantirildi.
Hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi, jumladan, sudyalik qasamyodini buzganligi hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmaganligi uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etildi, 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortildi, 58 nafar sudyaning lavozimlari pasaytirildi. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topildi hamda 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi.
O‘tgan yilda sud faoliyatiga aralashganlik holatlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Kengashning rasmiy veb-saytida sudya daxlsizligi buzilganligi yuzasidan tezkor xabar yuborish imkoni yaratildi.








