Daryo

“AQSH va Isroil kelasi hafta Eronga zarba berishni qayta boshlashi mumkin” — NYT

Donald Tramp Eronning yadroviy obyektlaridan boyitilgan uranni olib chiqish maqsadida yanada kuchli bombardimon qilish va maxsus kuchlar tomonidan quruqlikda operatsiya o‘tkazish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

2 daqiqa o‘qish6 791 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati, agar diplomatik sa’y-harakatlar muzokaralarda biror natijaga olib kelmasa, Eronga qarshi harbiy zarbalarni qayta boshlash ssenariylarini ishlab chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The New York Times nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning maslahatchilari keskinlik kuchaygan taqdirda yanada kengroq ko‘lamli bombardimonlarni o‘z ichiga olgan zarbalarni qayta tiklashning ehtimoliy rejalarini allaqachon tayyorlab qo‘ygan. Shu bilan birga, manbalarning ta’kidlashicha, Amerika prezidenti hali yakuniy qarorni qabul qilmagan. Bunga parallel ravishda, bir qator davlatlar Tehronni Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga undaydigan va Oq uyga operatsiyaning siyosiy muvaffaqiyatini e’lon qilish imkonini beradigan o‘zaro kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.

Tramp jurnalistlarga Eronning so‘nggi tinchlik taklifi nomaqbul ekanini, AQSH manfaatlariga mos kelmaydigan tashabbuslarni muhokama qilishga tayyor emasligini ta’kidlagan.

NYT yozishicha, harbiy rejalar Eronning harbiy infratuzilmasiga kengaytirilgan aviazarbalar berishdan tortib, yerosti yadroviy obyektlariga qarshi maxsus operatsiya kuchlaridan foydalanishgacha bo‘lgan bir nechta variantni o‘z ichiga oladi. Mintaqaga allaqachon o‘n minglab amerikalik harbiylar, aviatashuvchi guruhlar va jangovar shay holatdagi samolyotlar to‘plangan.

Eron tomoni, o‘z navbatida, javob choralariga tayyorligini bildirib, har qanday yangi tajovuzga “qat’iy javob” qaytarilishi haqida ogohlantirmoqda.

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlab, bir qator shaharlarga aviazarbalar yo‘llagan edi. Bunga javoban Eron Isroil hududiga raketa zarbalari berdi va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi Amerika harbiy bazalariga hujum qildi.

2026-yil 8-aprelga o‘tar kechasi Eron, AQSH va ularning ittifoqchilari ikki haftalik sulh tuzishga kelishib oldi. Keyinroq Oq uy rahbari Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatish tartibini noaniq muddatga uzaytirdi. 11–12-aprel kunlari Islomobodda Pokiston vositachiligida Eron va AQSH o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ammo hech qanday kelishuvga erishilmadi.

Tehronga bosim o‘tkazish chorasi sifatida AQSH Eron portlarini va Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish yo‘lini blokada qilishini e’lon qildi. O‘z navbatida, Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlariga yo‘l olgan kemalar uchun Hormuz bo‘g‘ozini yopishini ma’lum qildi. Mintaqadagi vaziyat global energetik inqirozga sabab bo‘ldi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar