Filippinning janubida sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali kuchli zilzila oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi jarohat oldi. Mindanao orolida bir nechta binolar qulab tushdi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib AFP va ABS-CBN News xabar berdi.
Davlat seysmologiya agentligi — Phivolcs ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila General Santos shahrida “vayronkor” darajada sezilgan. Bu yerda yer silkinishi kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7 ballga yetgan.
Davao shahrida barcha darajadagi ta’lim muassasalari faoliyati va ish jarayonlari vaqtincha to‘xtatildi. Hozirda hududlarda yetkazilgan zarar ko‘lami baholanmoqda.
Filippin prezidenti kichik Ferdinand Markos tabiiy ofatlarga qarshi kurash bo‘yicha milliy agentlikka vaziyatni muvofiqlashtirish vazifasini yukladi. Ijtimoiy ta’minot departamentiga esa gumanitar yordam tayyorlash va evakuatsiya markazlarini tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, prezident Mindanaoning zilziladan zarar ko‘rgan hududlarida o‘quv mashg‘ulotlarini vaqtincha to‘xtatish haqida ko‘rsatma berdi.
May o‘rtalarida Xitoyning Guansi provinsiyasida 5,2 magnitudali zilzila yuz bergandi. Yer silkinishi oqibatida Lyuchjou shahridan 7 mingdan ortiq kishi xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan edi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi.








