Daryo

Xitoyda 5,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, qurbonlar bor (video)

Yer silkinishi oqibatida 13 ta bino qulab tushdi, qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

1 daqiqa o‘qish6 360 ko‘rishlar0 izoh2

Xitoyning Guansi provinsiyasida 18-may kuni 5,2 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Yer silkinishi oqibatida Lyuchjou shahridan 7 000 dan ortiq kishi xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan. Rasmiylar qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani va transport qatnovida uzilishlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat tufayli ikki kishi halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan, yana to‘rt kishi esa shifoxonaga yuborilgan. Ularning hayotiga xavf yo‘qligi aytilmoqda. Zilzila vaqti jami 13 ta bino qulab tushgan.

“Shunga qaramay, zarar ko‘rgan hududda aloqa va elektr tarmoqlari, suv va gaz ta’minoti hamda transport harakati odatiy rejimda ishlamoqda”, deb xabar beradi davlat ommaviy axborot vositalari.

Xitoyda bundan avvalgi kuchli zilzila 2025-yil yanvar oyida kuzatilgandi. O‘shanda Tibet avtonom hududida 6,8 balli zilzila qayd etilgan. AQSH Geologiya xizmati esa zilzila kuchini 7,1 magnituda deb baholagan. Tabiiy ofat ortidan 30 dan ortiq odam halok bo‘lgandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar