Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni tugatish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyorligini aytdi. Bu haqda siyosatchi NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan qo‘shma brifingda ma’lum qildi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte 3-iyun kuni eʼlon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga kelgan. Zelenskiy brifingda Rossiya bilan bo‘layotgan mojaroni tugatishda AQSHdan yordam kutayotganini bildirgan.
“Biz Amerika tomoni bilan doimiy aloqadamiz. Muzokara olib boradigan guruhning kelishini kutyapmiz, lekin bu uzoq davom etmoqda. Eron — AQSH uchun birinchi raqamli masaladir. Afsuski, biz bu urushlarning navbatida turibmiz. Men haqiqatan ham AQSH Putinni urushni tugatishga undaydigan eng kuchli tomon deb bilaman.
Shu sababli har doim biz uchun eng yaxshi variant — muzokaralarga AQSH, shuningdek, Yevropaning jalb etilishi ekanini taʼkidlab kelganman. Oldimizdagi birinchi vazifa urushni tugatishdir. Har qanday formatni qo‘llab-quvvatlaymiz. Men bu urushni tugatish uchun Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorman”, dedi Ukraina prezidenti.
Rossiya prezidenti 9-may kuni Zelenskiy bilan faqat urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi yakuniy kelishuvlarni imzolash uchun uchrashishga tayyorligini aytdi. U Ukraina mojarosi yakuniga yaqinlashayotganini ta’kidladi.
12-may kuni esa Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov urushning go‘yoki yakuniga yaqinlashayotganini tinchlik jarayonidagi ishlanmalar va AQSHning vositachilik saʼy-harakatlari bilan izohladi, biroq aniq muddatlarni keltirmadi.
29-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlar kechayotgan davrda uni yakunlashning aniq muddatlarini aytish imkonsiz ekanini bildirdi.
31-may kuni Zelenskiy CBS telekanaliga bergan intervyusida qish boshlanishidan oldin Rossiya bilan harbiy mojaroni to‘xtatish uchun diplomatik yo‘l topish zarurligini taʼkidlagandi.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov urushni qishgacha tugatish bo‘yicha Zelenskiydan buyruq olinganini aytdi. U Ukrainaning bu maqsadga erishish uchun yetarli imkoniyatlarga egaligini qo‘shimcha qildi. Ammo Rossiya kelishuvlardan voz kechishi mumkinligini ham istisno etmadi.








