Ukraina urushi — yarim milliondan ortiq insonning yostigʻini quritgan, yana oʻn millionlarni qochqinlarga aylantirgan, geosiyosiy maydonda esa, tektonik oʻzgarishlarga sabab boʻlgan mojaro. Uni boshlagan Rossiya suveren davlatga dekommunizatsiya qanday boʻlishini koʻrsatib qoʻyishni, raqib armiyasini esa uch kunda magʻlub etishni niyat qilgandi. Lekin harbiy harakatlar oʻzining beshinchi yiliga kirib keldi. Hatto Ikkinchi Jahon urushining sharqiy frontidagi janglar ham bunchalik uzoq davom etmagandi. Boshqacha aytganda, Kreml o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga na operativ, na strategik manzarada erisha olgani yo‘q.
Ukrainaga keng koʻlamli bosqin 2022-yilning 24-fevral kuni erta tongda boshlandi. Garchand aksariyat bunday boʻlishini kutmagan boʻlsa ham, Rossiya chegaradosh hududlarga, jumladan Belarusga qoʻshin toʻplash bilan ana-mana hujum qilishi haqida ochiq signal berib turgandi. Qolaversa, Oq uy razvedka maʼlumotlariga tayanib, Kiyevni Kreml ichki koridorlarida muhokama qilinayotgan rejadan boxabar qildi. Bu Ukraina davlatchiligi, xususan qurolli kuchlariga yaqinlashib kelayotgan bosqinga hozirlik koʻrish uchun vaqt berdi. Natijada urushning dastlabki daqiqalarida Rossiya tomonidan uchirilgan raketalar boʻsh aerodromlar, harbiy bazalar va oʻq-dori omborlariga kelib tushdi.
Ammo rus armiyasining dastlabki hamladagi muvaffaqiyatsizligini faqat shu bilan izohlash toʻgʻri boʻlmaydi. Ukraina elitasidan farqli, Rossiya rahbariyati urushga tayyorgarlik jarayonida bir necha qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻydi. Jumladan Kreml qarshi taraf harbiy salohiyatini munosib baholay olmadi. Shuningdek, askarlar ularni gullar bilan kutib olishlariga ishontirgan propaganda yolgʻon ustiga qurilganidan bexabar edi. Bundan tashqari, Kreml Rossiya qurolli kuchlari korrupsiya, layoqatsizlik va boshqa illatlar sabab ich-ichidan chirib ketganini hali yaxshi anglamas edi.
Oʻxshamagan blitskrig
Soʻnggi bir necha asrdagi urushlar tajribasidan maʼlumki, hujum qilayotgan tomon himoyalanayotgan tarafdan uchga bir nisbatda ustun boʻlishi kerak. Gap askarlar soni haqida bormoqda. Shunga qaramay, Rossiya armiyasi harbiy harakatlar uchun atigi 200-250 ming askar tashladi. Holbuki, bu Ukraina qurolli kuchlarida xizmat qilayotgan shaxsiy tarkib bilan deyarli teng koʻrsatkich edi. Buning oʻzi ham uzoq davom etadigan urush Kremlning rejalarida boʻlmaganidan, rus generaliteti qisqa davom etadigan harbiy kampaniyaga umid bogʻlaganidan dalolat beradi. Aslini olganda, ularning asosiy xatolaridan biri ham shu — avantyura. Qolaversa, armiya Ukrainaga atigi bir necha kunga yetadigan taʼminot bilan yuborildi. Shu bois och qolgan rus askarlari maradyorlikka qoʻl urdi, yonilgʻisiz qolgan texnikalar esa tashlab ketildi. Keyinchalik ularni fermerlar shatakka olib, Ukraina armiyasiga topshirishdi.
Tabiiyki, bu kabi xatolar oʻz soʻzini aytib, blitskrig (dushmanni bir necha kun yoki hafta ichida mag'lub etishga qaratilgan tezkor hujum) strategiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Rossiya Ukraina davlatchiligini qulatishdek vazifani uddalay olmadi. Shunga qaramay, rus armiyasi qisqa muddat ichida Ukrainaning Kiyev, Sumi, Chernigov, Xarkov, Zaporojye va Xerson viloyatlarida ulkan hududlarni egallab oldi. Ular hatto poytaxt ostonasiga qadar yetib kelishga muvaffaq boʻldi. Biroq Ukraina armiyasi hozir sanab oʻtilgan hududlarning aksariyatini oʻz nazoratiga qaytardi. Shunday qilib, rossiyaliklar Kiyev, Chernigov va Sumi viloyatlaridan chekinishga majbur boʻlishdi. Keyinchalik Kreml bu qaror muzokaralar uchun xayrixohlik ifodasi boʻlganini daʼvo qilib chiqdi. Ammo bu yerda boshqa gap bor edi.
Kiyev jangi Rossiya uchun sharmandali yakunlanishida nafaqat rus qoʻmondonligi yoʻl qoʻygan xatolar, balki Ukraina qurolli kuchlarining kuchli qarshiligi ham rol oʻynadi. Ukrainaliklar kichik otryadlarga boʻlingan holda rus armiyasining uzundan uzun kolonnalariga pistirmadan hujum qildi. Bunda Javelin, N-LAW kabi tankka qarshi tizimlarning ahamiyati katta boʻldi. Qolaversa, rus armiyasi hujumlarini qaytarishda Bayraktar TB2 operativ-taktik dronlari ham munosib hissa qoʻshdi. Bundan tashqari, Ukraina amalda flotsiz davlat boʻlishiga qaramay, dengizda ham rossiyaliklarning ishi yurishmadi. Rus floti Odessaga desant tushirish tugul, qirgʻoqqa yaqinlasholmadi. Bunga urinib koʻrgan Moskva kreyseri esa mahalliy Neptun tizimi bilan choʻktirib yuborildi. U qariyb 800 mln dollarga baholangan kema boʻlib, Rossiya Qora dengiz flotining bayroqdori edi.
Rus armiyasining shiddatli hujumlarini qaytarishda Ukraina qurolli kuchlariga 2014-yildan soʻng ayirmachilar bilan janglarda toʻplangan tajriba qoʻl keldi. Qolaversa, mamlakat harbiylarini NATO instruktorlari tayyorgarlikdan oʻtkazgandi. Qaqshatqich talafotlardan soʻng rus qoʻmondonligi ham real vaziyatni tushunib yetib, xatolarni toʻgʻrilashga kirishdi. Oʻsha yilning 22-aprel kuni Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni oʻrinbosari Rustam Minnekayev urushning ikkinchi fazasi boshlanganini, shimoliy yoʻnalishdagi qoʻshinlar olib chiqilishini eʼlon qildi. Shundan soʻng asosiy eʼtibor Donbassga koʻchdi.
Rossiya urushning dastlabki oylaridagi shokdan soʻng oʻzini oʻnglab, Donbassda faol hujumlar boshladi. Bu asosan artilleriya dueli tarzida kechdi. Biroq gap uzoqqa zarba beradigan tizimlar haqida ketganda, Ukraina armiyasi raqibidan ham sifat, ham son jihatidan ortda edi. Shu bois ular qaqshatqich talafotlar koʻrib, katta-kichik aholi maskanlarini birma-bir qoʻldan chiqarishdi. Ammo Qoʻshma Shtatlar tomonidan berilgan yordam vaziyatni kardinal darajada oʻzgartirdi. Gap shundaki, 2022-yilning iyun oyida Ukraina armiyasi HIMARS tizimlarining dastlabki partiyasini qabul qilib oldi.
Rossiyaliklar jang maydonida HIMARS tizimlari paydo boʻlganidan postfaktum xabar topdi. Yaʼni ilgari Ukraina armiyasi uchun yetib boʻlmas nishon hisoblangan rus havo mudofaa tizimlari, qoʻmondonlik shtablari, oʻq-dori omborlari va boshqalarga toʻxtovsiz, eng muhimi, yuqori aniqlikda zarbalar berila boshlandi. Natijada rus qoʻmondonligi qoʻshinlar konsentratsiyasidan qochishga, oʻq-dori zaxiralarini esa kichik omborlarga taqsimlab yuborishga majbur boʻldi. Bu esa harbiy harakatlar surʼatini pasaytirib yubordi. Shunday qilib, Rossiya armiyasining 2022-yilgi hujum kampaniyasini atigi 4 ta HIMARS tizimi barbod qildi
Qarshi hujum
Gʻarb davlatlari tomonidan yetkazib berilgan qurol-yarogʻ va safarbarlik sabab Ukraina tashabbusni oʻz tomoniga ogʻdirdi. Oʻsha yilning sentyabr oyida qarshi hujum kampaniyasi boshlandi. Ukrainaliklar rus qoʻmondonligini hujum goʻyoki Xerson yoʻnalishida boshlanishiga ishontirib, Xarkov viloyatidan zarba berdi. Natijada Izyum, Kupyansk va Balakleya kabi shaharlar qisqa vaqt ichida ozod etildi. Bu vaqtda Putin Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida qatnashish uchun Samarqandga kelgandi. Xalqaro tadbirda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi rossiyalik hamkasbini diplomatiyaga chaqirib, matbuot oldida tanqid qildi. Bundan taʼsirlangan Kreml rahbari Rossiyaga qaytishi bilan safarbarlik eʼlon qildi.
Ammo 300 ming kishini armiyaga jalb etib, qurollantirish va tayyorgarlikdan oʻtkazish oson emasdi. Shu bilan bir vaqtda, Ukraina armiyasining muvaffaqiyatli hujumlari davom etdi. Oktyabrning dastlabki kunida Donetsk viloyatining Liman shahri ozod etildi. Noyabrga kelib esa ruslar Xersonni ham tashlab chiqishdi. Rossiya armiyasi Dnepr daryosining sharqiy qirgʻogʻiga chekinib, kelgusi yil boʻladigan janglar uchun tayyorgarlik koʻra boshladi. Kreml 2023-yil uchun front ortida ham jiddiy tayyorgarlik koʻra boshladi. Safarbarlik Rossiya qurolli kuchlariga shaxsiy tarkib taqchilligi muammosini hal qilish va mudofaadagi “teshiklarni” yopish imkonini berdi. Ammo jamiyatdagi norozilik kayfiyati sabab aholi orasidan majburiy safarbarlik toʻxtatildi. Biroq mobilizatsiya toʻgʻrisidagi Rossiya prezidenti farmoni yuridik jihatdan hanuz amal qilyapti.
Rossiya qurolli kuchlari mudofaa va kuch toʻplash bilan band bir vaqtda maydonga Vagner xususiy harbiy kompaniyasi kirib keldi. U oʻz safini jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar bilan toʻldirib, sentyabr oyidan Baxmutga faol hujumlar boshladi. Sobiq mahbuslar shturmga ayovsiz tashlangani bois bu jang “Baxmut goʻsht maydalagichi” nomini oldi. Taxminan oʻn oy davom etgan qaqshatqich janglardan soʻng Vagner rahbari Prigojin shahar qoʻlga olinganini eʼlon qildi. Ammo bu vaqtda uning Rossiya mudofaa vazirligi bilan munosabatlari taranglashib boʻlgandi. U yetarli darajada oʻq-dori yetkazib berilmagani uchun vazir Shoygu va Bosh shtab boshligʻi Gerasimovni oshkora haqoratlab chiqdi.
“Adolat marshi”
Ikki oʻrtadagi taranglik mediadan jang maydoniga ham koʻchdi. 2023-yilning 23-iyun kuni Prigojin Rossiya armiyasi Vagner lageriga raketa zarbasi berganini iddao qilib, Moskva tomon yurish boshladi. Mudofaa vazirligi qoʻshinlari Ukraina frontida band boʻlgani bois uning jangarilarini toʻxtatadigan kuch topilmadi. Prigojin askarlari Rostov-Don shahrini egallab, Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini nazoratga oldi. Biroq “Vagner”chilar bu bilan kifoyalanmay, Moskva tomon yurishda davom etdi. Ammo kutilmaganda Belarus prezidenti oʻrtaga tushib, Prigojin va Putin oʻrtasida vositachi vazifasini bajardi. Isyonchi qoʻmondon amnistiya evaziga qurollarini topshirishga rozi boʻldi. Biroq oradan koʻp oʻtmay, uning samolyoti havoda portlab ketdi. Aksar ekspertlar buni Rossiya siyosiy elitasiga saboq berish uchun qoʻl urilgan namoyishkorona suiqasd sifatida baholashdi.
Prigojin koʻtargan shamol yuqori kompetentlikka ega generallardan biri Surovikinni ham uchirib ketdi. U oʻsha paytlar RF qurolli kuchlarining Birlashgan qoʻshinlar guruhi qoʻmondoni edi. Generalni Vagner bilan til biriktirishda ayblab, oʻz lavozimidan olishdi. Biroq u koʻrgan choralar Ukraina uchun fojialarga olib keldi. Gap shundaki, Surovikin Prigojin askarlari Ukraina armiyasini Baxmutda ushlab turganidan foydalanib, oʻz nomi bilan atalgan mudofaa chizigʻini qurdi. U tankka qarshi minalar, xandaqlar, tunnellar va oʻt ochish nuqtalaridan iborat murakkab himoya chizigʻi edi.
Ukraina armiyasi 2023-yil yoziga kelib allaqachon Gʻarbning Bradley piyoda jangovar mashinalari hamda Leopard 2 tanklari bilan qurollangan edi. Shunga qaramay, iyun oyida boshlangan qarshi hujum kutilgan natijani bermadi. Ukraina qurolli kuchlarining oʻsha vaqtdagi bosh qoʻmondoni Valeriy Zalujniy noyabr oyiga kelib, urush boshi berk koʻchaga kirib qolganini aytdi. Shundan soʻng kurash pozitsion darajaga tushib, resurslar jangi boshlandi. Bunda “Surovikin chizigʻi”ning oʻrni katta edi.
Butun yoz va kuz oylarida davom etgan qarshi hujum kampaniyasi natijasida juda kichik hududlar ozod etildi. Bunday muvaffaqiyatsizlik oʻz reputatsiyasiga dogʻ tushirishini istamagan Zelenskiy va bosh qoʻmondon Zalujniy oʻrtasida ziddiyat boshlandi. Alaloqibat 2024-yilning 8-fevral kuni prezident uni lavozimidan ozod etdi. Bosh qoʻmondon lavozimiga esa Aleksandr Sirskiy tayinlandi. Biroq bu Avdeyevka shahrini qutqarib qololmadi. Shahar oʻsha oyning oʻzida ruslar nazoratiga oʻtdi. Bunda rossiyaliklarga universal rejalashtirish va tuzatish moduliga ega FAB bombalari asqatdi. Samolyotlar ularni nishondan 40-50 km uzoqlikda turib, yaʼni Ukraina havo mudofaa tizimlari taʼsir zonasiga kirmay tashlashi mumkin edi. Eng muhimi, bu turdagi bombalar vayronkor kuchga ega boʻlib, narxi ham bir necha ming dollardan oshmasdi. Shu bilan birga, Avdeyevkaning qoʻldan ketishida Qoʻshma Shtatlar harbiy yordamining toʻxtab qolishi ham rol oʻynadi. AQSH Respublikachi partiyasi qonunchilari oʻz talablarini qondirish uchun Kiyevga ajratilgan 60 milliard dollarni muzlatib qoʻyishgandi.
Bu turdagi bombalar bir necha shaharlarning ruslar nazoratiga oʻtishiga sabab boʻldi. Ammo harbiy harakatlarda inqilobni FPV-dronlar yasadi. Snaryadlar taqchilligi bois har ikki tomon ularni 2023-yildan faol qoʻllay boshladi. Bu turdagi dronlar atigi bir necha yuz dollar evaziga yigʻish va koʻp sonda qoʻllash mumkin edi. Qolaversa, ular artilleriyadan farqli, dushmanga yuqori aniqlikda zarba berardi. Shunday qilib, Ukraina va Rossiya muhandislari bu turdagi uchuvchisiz uchish qurilmalarining parvoz masofasi, talafot yetkazish imkoniyati va elektron urush tizimlariga chidamliligini oshirib bordi.
2024-yilning aprel oyiga kelib yarim yillik tanaffusdan soʻng Qoʻshma Shtatlar harbiy yordami tiklandi. Oradan taxminan 20 kun oʻtib, Rossiya kuchlari Xarkov viloyatiga navbatdagi hujumni boshladi. Vovchansk shahri mana shu kurash markazida boʻldi. Ammo ukrainaliklar hujumni qaytarishga muvaffaq boʻldi. Taktik jihatdan Rossiya kichik muvaffaqiyatlarga erishdi, ammo strategik manzarada hech narsa oʻzgarmadi. Aksincha, Xarkov viloyatiga hujum sabab Gʻarb davlatlari Kiyevga Rossiya hududiga zarba berish uchun “yashil chiroq” yoqdi. Shu bois rus qoʻmondonligi shtablar, oʻq-dori omborlari va aerodromlarni HIMARS tizimi, shuningdek Storm Shadow qanotli raketalari tahdid solmaydigan masofaga koʻchirishga majbur boʻldi.
Kursk kampaniyasi
2024-yilning avgust oyiga kelib urushda yangi front, shu bilan bir vaqtda, yangi sahifa ochildi. Ukraina qurolli kuchlari kutilmaganda Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirdi. Rus qoʻmondonligi bu yoʻnalishdan hujum kutmagani bois hudud mudofaasi uchun chegarachilar va muddatli harbiy xizmatchilarni qoldirgandi. Tabiiyki, ular urushda toblangan Ukraina askarlariga qarshi turib berolmadi. Natijada yuzlab rossiyaliklar asir tushdi. Ukrainaliklar taxminan 1200 kvadrat kilometr maydonni egallab, Sudja shahrini platsdarmga aylantirdi.
Kursk viloyati uchun janglarda Rossiya optik tola kabelli dronlarni keng qoʻllay boshladi. Bu turdagi uchuvchisiz uchish qurilmalari elektron urush tizimlari uchun daxlsiz boʻlib, Ukraina armiyasiga qaqshatqich talafot yetkazdi. Shundan soʻng mazkur tajribani ukrainaliklar ham oʻzlashtirdi. Hozir har ikkala tomon ulardan keng foydalanadi. Ammo optik tola kabelli dronlar, aviabombalar va boshqa ilgʻor qurollarga qaramay, rus armiyasi Kursk viloyatida jiddiy muammolarga duch keldi. Rossiyaliklar oʻz hududlarini toʻliq qaytarib olishi uchun yarim yildan ortiq vaqt ketdi. Hatto bunda ularga Shimoliy Koreyadan yuborilgan taxminan 12 ming kishilik harbiy kontingent yordam berdi.
Kiyev Kursk frontini ochish bilan Donbass shaharlariga tushayotgan bosimni kamaytirishni reja qilgan edi. Shunga qaramay, Rossiya armiyasi sentyabr oyida Pokrovsk shahriga yaqinlashdi. Oradan bir oy oʻtib esa ikki yildan beri mardonavor turib bergan Ugledar shahri tashlab chiqildi. Bu vaqt oraligʻida Ukraina ittifoqchilari vaʼda qilgan 80 ta F-16 qiruvchi samolyotlarining dastlabki partiyasini qabul qilib oldi. Ukrainaliklar ularni dastlab raketa va dron hujumlarini qaytarishda qoʻlladi. Bu Rossiya tomoni Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalarni jadallashtirgan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Shu bois ukrainaliklar qishni kuchli energetik taqchillik bilan oʻtkazdi.
Frontda jiddiy o‘zgarish yo‘q
2025-yili har ikkala tomon ham xaritada jiddiy oʻzgarish qila olmadi. Rus armiyasi Pokrovsk va Kupyansk shaharlariga kirdi. Biroq ularni toʻliq egallashga muvaffaq boʻlmadi. Quruqlikda oldinga siljish surʼati haddan ziyod pastligi bois Rossiya tomoni asosiy eʼtiborni dron zarbalariga qaratdi. Ukraina shaharlariga har kuni yuzlab, baʼzan esa 500 ga yaqin uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan zarba berildi. Bu ham yetmagandek, Oq uyga qaytgan Donald Tramp Qoʻshma Shtatlarning Ukrainaga harbiy yordamini toʻxtatdi. AQSH prezidenti urushni yakunlash haqida saylovoldi vaʼdasini bajarish uchun Kiyevga bosib oʻtkaza boshladi. Muzokaralardan soʻng Yevropa davlatlari Ukraina uchun AQSH qurollarini sotib oladigan boʻldi.
Ammo urushning toʻrtinchi yili Rossiyaning ham qator muammolarini ochib berdi. Birinchi navbatda, mamlakatning koʻngillilardan iborat safarbarlik zaxirasi cheksiz emasligi yaqqol koʻrinib qoldi. Endi aksar rossiyaliklarni Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash evaziga taklif etilayotgan bir necha million rubl qiziqtirmasdi. Jillaqursa, ular bu oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyish uchun yetarli boʻlmagan summa deb hisoblashardi. Shu bois Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlaridan erkaklarni harbiy xizmatga jalb etish va mehnat muhojirlariga bosim oshdi.
Bundan tashqari, yuqori davlat xarajatlari sabab shiddat bilan oʻsgan rus iqtisodi ham oqsay boshladi. Byudjet defitsiti va inflyatsiya ham keskin oshdi. Natijada Rossiya Markaziy banki foiz stavkalarini koʻtarishga, hukumat esa soliqlarni oshirishga majbur boʻldi. Umuman olganda, 2025-yili Rossiya Mudofaa vazirligiga taxminan 150 mlrd dollar, butun xavfsizlik tuzilmasiga esa 180 mlrd dollar sarfladi. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 7 foizi boʻlib, Sovet Ittifoqi qulaganidan buyon Moskva uchun eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Shunga qaramay, rus harbiylarini zirhli transport vositalari bilan taʼminlash darajasi qoniqarli emas. Buni harbiylar frontda mototsikllar va eski sovet mashinalaridan tobora koʻproq foydalanayotgani ham koʻrsatib turibdi.
Iqtisodiy muammolar harbiy sanoat kompleksining holatini ham ogʻirlashtirdi. Bir necha yil davomida davlatning milliardlab dollarlik buyurtmalarini qondirish uchun ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirgan kompaniyalar endi xodimlariga maosh toʻlashni ham eplolmay qoldi. Natijada ularning aksariyati, hatto KAMAZ aksiyadorlik jamiyati qarzga botdi. Bunga asosan Rossiya Mudofaa vazirligining davlat buyurtmalari uchun toʻlovlarni vaqtida amalga oshirolmayotgani sabab boʻldi.
Bu vaqt oraligʻida Ukraina tomonida ham jiddiy muammolar kuzatildi. Qoʻshma Shtatlardan harbiy yordam toʻxtashi, Tramp maʼmuriyatining bosimi, hukumatning yuqori doiralariga aloqador korrupsiya mojarolari va safarbarlik jarayonidagi muammolar shular jumlasidan. Biroq Ukraina harbiy sanoat kompleksi barqaror rivojlanib bormoqda. Rossiyaning toʻxtovsiz zarbalariga qaramay, mamlakat oʻz ehtiyoji uchun mustaqil ishlab chiqaradigan qurol-yarogʻ va aslahalar sonini oshirdi. Bunda esa keyinroq Daniya modeli nomini olgan tashabbus muhim rol oʻynadi. Unga koʻra ittifoqchilar harbiy yordam sifatida ajratilayotgan mablagʻlarning bir qismini Ukraina harbiy sanoat kompleksiga yoʻnaltirishga kelishib oldi. Bu esa oʻz natijasini berdi.
2025-yili, shuningdek, har ikkala tomonda yirik hujum amaliyotlari uchun resurs taqchilligi yaqqol koʻrinib qoldi. Qaqshatqich janglar va oʻn, ehtimol yuz minglab qurbonlarga qaramay, rus armiyasi butun yil davomida mamlakatning atigi 0,72 foiz hududini egallay oldi xolos. Bu urush boshi berk koʻchaga kirgani, na Ukraina, na Rossiya qurolli kuchlarida vaziyatni kardinal darajada oʻzgartirish uchun salohiyat yoʻqligidan dalolat qiladi. Bunday vaziyatga yagona yechim sifatida diplomatiya maydonga chiqadi. Biroq Oq uy mojaroni yakunlash uchun vositachi rolini tanlaganiga bir yoʻl boʻlganiga qaramay, hozircha har ikkala poytaxtni qanoatlantiradigan yechim topilmadi. Urush esa davom etmoqda.
2026-yil holatiga Rossiya Ukrainaning taxminan 19 foiz hududini nazorat qilmoqda. Rossiyaliklar Lugansk viloyatini deyarli to‘liq, Donetskning esa katta qismini egallagan. Bundan tashqari, Zaporojye va Xerson viloyatlari va Qrim yarimoroli ham vaqtincha bosib olingan maqomida turibdi. Biroq Ukraina har ikki viloyat markazlarini o‘z nazoratida saqlab qolgan. Rossiyaliklar, bundan tashqari, Xarkov va Sumi viloyatlarining ham kichik hududlarini qo‘lga kiritgan. Biroq kuchli qarshilik va resurslar taqchilligi sabab frontning mazkur uchastkalari “muzlab qolgan”. Hozir asosiy janglar Pokrovsk va Kupyansk shaharlari uchun bormoqda. Rossiya shtabi prezident Putinga ularning ikkisi ham egallangani haqida hisobot bergan. Biroq Pokrovsk hanuz to‘qnashuvlar markazida turibdi. Kupyanskni esa ukrainaliklar qarshi hujum bilan ozod qildi.








