Daryo

Putin Ukrainadagi urush yakuniga yetayotganini aytdi

Rossiya prezidenti Moskva va Kiyev 2022-yilda Istanbulda kelishuvga erishganini, biroq o‘shanda bitim baribir tuzilmaganini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish12 181 ko‘rishlar1 izoh11

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush yakuniga yaqinlashayotganini ma’lum qildi. U bu haqda 9-may kungi matbuot anjumanida ma’lumot berdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari 2022-yilda Istanbulda kelishuvga erishgan va uni maʻqullagan. Biroq shundan so‘ng Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, Ukraina bunday tarixiy hujjatlarni “chakkasiga to‘pponcha tiralgan holda” imzolay olmasligini aytgan.

Rossiya o‘z qo‘shinlarini Kiyevdan olib chiqib ketishi kerak boʻlgan va Moskva bunga rozilik bildirgan. Ammo o‘sha paytdagi Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya bilan kelishuv imzolash mumkin emasligini, chunki u adolatsiz ekanini aytgan.

“Ukraina tomoni vakili bu hujjatlarni ma’qullagan bo‘lsa, uning adolatli yoki adolatsizligini kim belgilaydi? Bu yerda adolatsizlik nimada, buni kim hal qiladi? <...> Ukrainaga yordam va’da qilishdi va Rossiya bilan hanuz davom etayotgan qarama-qarshilikni avj oldirishdi. O‘ylaymanki, ish yakuniga yetmoqda, ammo bu jiddiy masala”, dedi Putin.

Rossiya 2024-yildan buyon urushni tugatish sharti sifatida Ukrainadan Donbass, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlaridan qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilib keldi. Ukraina bir necha bor hududiy yon berishlarga bormasligini, bu hududlarning egallanishi kelgusidagi hujumlar uchun platsdarm vazifasini o‘tashini ta’kidlagan.

Hozirda Rossiya va Ukraina o‘rtasida 2026-yil 9-maydan boshlab uch kunlik sulh amal qilmoqda. Kelishuv har ikki tomondan ming nafardan harbiy asir almashilishini ham o‘z ichiga oladi.

“Bu iltimosni shaxsan men bildirganman. Prezident Vladimir Putin va prezident Vladimir Zelenskiyga uni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiraman”, degan edi AQSH rahbari Donald Tramp.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar