Vladimir Putinning to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish taklifini rad etishi Rossiya prezidentining qo‘shni davlatga qarshi urushni to‘xtatishni istamasligidan dalolat beradi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanali orqali qilgan murojaatida ma’lum qildi.
“Afsuski, Rossiya tomoni yana urushni tanlayapti — bugungi javobni hamma eshitdi. Bo‘sh javob. U shunchaki urushni tugatishni istamayapti. O‘ylaymanki, bu javob dunyodagi ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi. U hech narsani o‘zgartirishni istamaydi va uning urushi faqat o‘ziga hamda undan pul undirayotganlarga yoqishini tan olishni xohlamaydi. Ularning hammasi bugun juda xursand edi. Demak, Rossiyaning puli kamayishi, unga bo‘lgan bosim esa kuchayishi kerak. Bizga yordam berayotganlarning barchasiga minnatdorchilik bildiraman! Ukraina bilan birga bo‘lgan, haqiqiy tinchlikni istayotgan barchaga tashakkur!”, deydi Ukraina prezidenti.
4-iyun kuni kechqurun Zelenskiy Putinga ochiq xat e’lon qildi. Unda u Rossiya prezidentiga urushni yakunlash bo‘yicha kelishib olish uchun shaxsan uchrashishni taklif etdi.
Ertasi kuni Putin Sankt Peterburg iqtisodiy forumida so‘zga chiqib, hozir Zelenskiy bilan uchrashishdan ma’no ko‘rmayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina shu tariqa Rossiya armiyasining hujumini to‘xtatmoqchi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, uch hafta oldin Ukraina tomonining taklifiga binoan rossiyalik ishbilarmon Kiyevga borgan. U Zelenskiy bilan uchrashgan va so‘ng Putinga Kiyevning uchrashuv borasidagi taklifini yetkazgan. Rossiya prezidentining aytishicha, ertasi kuni, yaʼni 22-mayda Ukraina Qurolli kuchlari Starobelskdagi kollejga zarba bergan.








