Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Xitoyning Gonkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, muloqotda Li Szyachao davlati rahbariga Xitoy raisi Si Szinpinning salomi va tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston—Xitoy hamkorligini, shu jumladan, Gonkong bilan hududlararo almashinuvlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston hududlarining Gonkong bilan iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent shahriga Gonkong ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat katta delegatsiya tashrif buyurgani ushbu yo‘nalishdagi sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Savdo-iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, ta’lim, turizm va ishbilarmonlik almashinuvlarini rivojlantirish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar va fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi kompleks hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
“Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, fintex, innovatsion startaplar, sun’iy intellekt va boshqalar ustuvor sohalar sifatida qayd etildi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda yaqin fursatda Gonkong bilan ikki tomonlama asosda vizasiz tartibni joriy etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
3-iyun kuni Li Szyachao TIV rahbari Baxtiyor Saidov bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuv davomida o‘zaro vizasiz rejimni o‘rnatish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tuzish niyati bo‘yicha verbal notalar almashildi. Vizasiz rejimni 30 kungacha bo‘lgan muddatga joriy etish rejalashtirilmoqda.








