Daryo

Qirg‘iziston 21 tonna tarvuzni O‘zbekistonga qaytarib yubordi

Tarvuzlar “Do‘stlik” postida fitosanitariya tekshiruvidan o‘tkazilgan va ularni Qirg‘izistonga olib kirish taqiqlangan.

1 daqiqa o‘qish84 670 ko‘rishlar0 izoh62

Qirg‘iziston O‘zbekistondan olib kelingan 21 tonna tarvuzni ortiga qaytarib yubordi. Bu haqda Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tayanib 24.kg xabar berdi.

Tarvuzlar 28-may kuni “Do‘stlik” postida fitosanitariya nazorati davomida tekshirilgan. Natijada karantin ostidagi mahsulot qadog‘ida majburiy markirovka (yorliq) yo‘qligi aniqlangan. Bu esa Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining karantin fitosanitariya talablarini buzish hisoblanadi. Oqibatda yukni Qirg‘iziston hududiga olib kirish taqiqlangan va mahsulot qonunchilik talablariga muvofiq ortga qaytarib yuborilgan.

Bu Qirg‘iziston karantin qoidalariga rioya etilmagani uchun O‘zbekiston mahsulotlarini qaytargan birinchi holat emas:

2025-yilda Qirg‘iziston O‘zbekistondan eksport qilingan 3,5 tonna pistani qaytarib yuborgan edi. Bunga mahsulotlar qadog‘ida majburiy markirovka bo‘lmagani sabab bo‘lgan.

Shu yili eksport qilingan 21 tonna qovun ham qaytarilgan. Tekshiruv chog‘ida qovunlar fitosanitariya sertifikatida ko‘rsatilmagan somon ustida tashilgan. Ta’kidlanishicha, somon fitosanitar xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlar qatoriga kiradi. Uning tarkibida begona o‘tlarning urug‘lari bo‘lishi mumkin.

2026-yil yanvar oyida esa Qirg‘iziston salkam 27 tonna piyozni O‘zbekistonga qaytarib yuborgan. 26 tonna 978 kg piyoz fitosanitar tekshiruvdan o‘tkazilgan. Kerakli fitosanitar sertifikat va yuk markirovkasi bo‘lmagani sababli mahsulot ortga qaytarilgan.

Mart oyida esa 80 ming tupdan ortiq ko‘chat O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan. Tekshiruv natijasida Qirg‘izistonga olib kirilayotgan ko‘chat navlari import qilishga ruxsat berilgan o‘simliklar ro‘yxatida yo‘qligi aniqlangan.



Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar