Qirg‘iziston O‘zbekistondan kelgan 650 kilogramm kolbasa mahsulotini ortga qaytarib yubordi. Bu haqda Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tayanib 24.kg xabar berdi.
Mahsulot “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punktida tekshiruvdan o‘tkazilgan. Natijada Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining veterinariya-sanitariya talablari buzilgani aniqlangan. Xususan, mahsulotlarda markirovka yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Shu sababli yukni Qirg‘iziston hududiga olib kirishga ruxsat berilmagan. Inspektorlar tomonidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, yuk O‘zbekistonga qaytarilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston may oyida markirovka yo‘qligi sabab 21 tonna tarvuzni ortga qaytargandi. Yanvar oyida esa fitosanitar sertifikat va yuk markirovkasi bo‘lmagani uchun salkam 27 tonna piyoz qaytarilgan. Bu kabi holatlar 2025-yilda pista va qovun bilan ham kuzatilgandi.








