AQSH Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Alimovga BMT Xavfsizlik kengashining ochiq munozaralarida ishtirok etish uchun viza bermadi. Bu haqda Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzayaga tayanib “TASS” xabar berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya hukumatining barcha sa’y-harakatlariga qaramay, viza berish rad etilgan. Moskva AQSHning ushbu qarorini BMTning markaziy muassasalari to‘g‘risidagi bitim majburiyatlarini buzish deb hisoblaydi. Mazkur bitim a’zo davlatlarning barcha rasmiy shaxslariga butunjahon tashkiloti shtab-kvartirasiga kirishni ta’minlashni talab qiladi.
“Bundan tashqari, Moskva bu qarorni BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Xitoyga va BMT ustavining muhokama qilinayotgan mavzusiga nisbatan hurmatsizlik deb biladi”, dedi Nebenzaya.
Aleksandr Alimov 1-maydan boshlab BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I taklifiga binoan Nyu Yorkdagi yig‘ilishda ishtirok etishni rejalashtirgandi. Viza bermaslik holati 2023-yilda ham sodir boʻlgandi. Oʻshanda AQSH Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga Nyu York safarida hamrohlik qilishi kerak boʻlgan rossiyalik ommaviy axborot vositalari xodimlariga viza berishni rad etgan.








