Daryo

Dunyo AQSHning Venesuelaga zarbalari va Maduroning qo‘lga olinishiga qanday munosabat bildirmoqda?

Ba’zi mamlakatlar rahbarlari va Tashqi ishlar vazirliklari bayonotlarida Vashingtonning harakati butun dunyo uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan tajovuz va mamlakatda hokimiyatni o‘zgartirishga urinish sifatida baholanmoqda.

5 daqiqa o‘qish22 479 ko‘rishlar0 izoh14

AQSH 3-yanvar kuni tongda Venesuelaga hujum qildi. Amerika rahbari Donald Tramp hujumdan bir necha soat o‘tgach, Vashington prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni ham qo‘lga olib, mamlakatdan olib chiqib ketganini ma’lum qildi.

Bir qator mamlakatlar rahbarlari va Tashqi ishlar vazirliklari bayonotlarida Vashingtonning bu harakati butun dunyo uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan tajovuz va mamlakatda hokimiyatni o‘zgartirishga urinish sifatida tavsiflanmoqda. 

“Daryo” jahon hamjamiyatining hujumga nisbatan bildirgan munosabatlarini jamladi.

Foto: Reuters


  • Yevropa Ittifoqi AQSHning harakatlarini qoralamagan

Yevropa komissiyasi (YK) raisi Ursula fon der Lyayen Vashingtonning harakatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri baho bermagan va YI “Venesueladagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini” ta’kidlagan.

“Biz Venesuela xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz va tinch hamda demokratik o‘tish tarafdorimiz. Har qanday qaror xalqaro huquq va BMT nizomiga muvofiq bo‘lishi kerak”, deya X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan fon der Lyayen.

​Uning qo‘shimcha qilishicha, Venesueladagi Yevropa Ittifoqi fuqarolari har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga umid qilishlari mumkin.

Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta ham xuddi shunday fikr bildirib, vaziyatni yumshatish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomida mustahkamlangan xalqaro huquq hamda tamoyillarga to‘liq mos ravishda qaror qabul qilishga chaqirgan.

“Yevropa Ittifoqi Venesuelada tinch, demokratik va inklyuziv yechimni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deya ta’kidlagan Koshta.

Foto: Reuters
  • ​BMT bosh kotibi AQSH operatsiyasini xalqaro huquq normalarining buzilishi deb atagan

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish “Venesueladagi vaziyatning keskinlashuvidan chuqur tashvishda” ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning mamlakatdagi harbiy amaliyoti “mintaqa uchun potensial xavotirli oqibatlarga ega”.

“Venesueladagi vaziyatdan qat’i nazar, bu voqealar xavfli misol yaratadi. Bosh kotib barcha tomonlar xalqaro huquqni, shu jumladan, BMT nizomini to‘liq hurmat qilishi muhimligini ta’kidlashda davom etmoqda. U xalqaro huquq normalariga rioya qilinmayotganidan qattiq xavotirda”, deyiladi Guterrish nomidan berilgan bayonotda.

​BMT bosh kotibi barcha ishtirokchilarni “Venesueladagi jarayonda inson huquqlari va qonun ustuvorligiga to‘liq mos keladigan har tomonlama muloqot olib borishga” chaqirgan.

Venesuela Tashqi ishlar vazirligi AQSH zarbalari boshlanganidan ko‘p o‘tmay, ularni muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirishni talab qilgan.

“AQSH hukumatining vatanimizga qarshi jinoiy tajovuzi munosabati bilan biz xalqaro huquqqa rioya qilish uchun mas’ul bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirishni so‘radik”, dedi Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Xil Pinto.

Foto: Reuters
  • ​Rossiya va Xitoy AQSH operatsiyasini qoralagan

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSHning harakatlarini “Venesuelaga qarshi qurolli tajovuz akti” deb atadi.

“Bu chuqur tashvish va qoralashga sabab bo‘lmoqda”, deya ta’kidlagan Rossiya TIV.

​Vazirlik vaziyatning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka va undan chiqish yo‘lini muloqot orqali topishga chaqirgan.

“Venesuelaga tashqaridan hech qanday buzg‘unchi, ayniqsa harbiy aralashuvsiz o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi kafolatlanishi kerak”, deyiladi bayonotda.

​Shuningdek, Moskva Venesuela hukumati va Lotin Amerikasi mamlakatlari rahbariyatining BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini zudlik bilan chaqirish haqidagi chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlagan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “AQSHning suveren davlatga qarshi kuch ishlatishi va uning prezidentiga qarshi harakatlaridan chuqur larzaga tushgani va keskin qoralashini” ma’lum qilgan.

“AQSHning bunday gegemonlik harakatlari xalqaro huquq va Venesuela suverenitetini jiddiy ravishda buzadi, shuningdek, Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasidagi tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladi. Xitoy bunga qat’iyan qarshi”, deyiladi XXR bayonotida.

Foto: Reuters
  • Kolumbiya Venesuela bilan chegaraga harbiylarni yubordi

“Kolumbiya Qo‘shma Shtatlarning Venesuelaga zarbalari boshlanganidan so‘ng o‘z harbiylarini ushbu Janubiy Amerika davlati bilan chegaraga yubordi”, dedi Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro.

​U AQSH operatsiyasini qoralab, uni Lotin Amerikasi “suverenitetiga tajovuz” deb atagan va gumanitar inqiroz haqida ogohlantirgan. Boshpana izlovchilar chegara yaqiniga yetib kelgan taqdirda ham qo‘shimcha kuchlar safarbar etilishini prezident ta’kidlagan.

Kuba hukumati ham AQSHning harakatlarini qoralab, “Xalqaro hamjamiyatdan AQSHning Venesuelaga jinoiy hujumiga zudlik bilan munosabat bildirishni” talab qilgan.

“Bu jasur Venesuela xalqiga va bizning Amerikaga qarshi davlat terrorizmidir”, deya yozgan Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

​
Foto: Reuters
  • Demokratik partiya senatorlari AQSHning Venesueladagi harbiy operatsiyasini qoralagan

AQSH Demokratik partiyasining ba’zi qonun chiqaruvchilari Tramp ma’muriyatini Venesuelaga zarba berish va Nikolas Maduroni qo‘lga olish qarori uchun keskin tanqid qilgan. Senator Endi Kim davlat kotibi Marko Rubio va mudofaa vaziri Pit Xegsetning 2025-yil oxiridagi nutqlarini eslagan.

“Bir necha hafta oldin vazirlar Rubio va Xegset har bir senatorning ko‘ziga qarab, gap rejimni o‘zgartirish haqida ketmayotganini aytishdi. O‘shanda men ularga ishonmasdim, hozir esa ular Kongressga surbetlarcha yolg‘on gapirganini ko‘rib turibmiz”, deya yozgan Kim X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

​Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Konstitutsiyada ko‘zda tutilgan qurolli mojarolarni ma’qullash tartibini rad etgan, chunki “uning ma’muriyati Amerika xalqining aksariyati mamlakatning yangi urushga tortilish xavfini qabul qilmayotganini biladi”.

“Bu zarba kuch namoyishi emas. Bu oqilona bo‘lmagan tashqi siyosatdir. U Venesuela va mintaqadagi amerikaliklarga xavf tug‘dirmoqda hamda butun dunyo bo‘ylab boshqa nufuzli rahbarlarga davlat rahbariga hujum qilish AQSH hukumati uchun maqbul siyosat ekanligi haqida dahshatli va tashvishli signal yubormoqda”,deya ta’kidlagan Kim.

​Senator-demokrat Ruben Galego ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, Oq uyning xatti-harakatlarini “hayotidagi ikkinchi asossiz urush” deb atagan.

“Bu urush noqonuniy, bir yildan kamroq vaqt ichida biz dunyo politsiyasidan bezoriga aylanishimiz sharmandalikdir. Bizning Venesuela bilan urushish uchun hech qanday sababimiz yo‘q”, - dedi Galego.

“Kongress ruxsatisiz va harbiy harakatlarga qarshi bo‘lgan aksariyat amerikaliklar oldida Tramp hozirgina Venesuelaga asossiz, noqonuniy zarba berdi. U bizda amerikaliklar uchun sog‘liqni saqlashga yetarli mablag‘ yo‘q deydi, ammo negadir urush uchun cheksiz mablag‘imiz bor ekan”, degan yana bir demokrat senator Jim Makgovern.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar