Bugun, 23-sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasining sammitida nutq so‘zladi. Qo‘shma Shtatlar yetakchisi nutqi davomida Hindiston va Xitoyni Rossiyaning urushini moliyalashtirishda aybladi.
Trampning nutqi avtosuflyorning ishlamayotganidan shikoyat qilish bilan boshlandi. Biroq u avtosuflyorsiz ham nutq so‘zlashga qarshi emasligini aytib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga to‘xtaldi.
Tramp anchadan beri G7, Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlarini Xitoy va Hindistonga qarshi boj joriy etishga chaqirib kelmoqda. Shuningdek, unga NATO mamlakatlarining Rossiya neftini sotib olishi ham yoqmaydi.“Xitoy va Hindiston urushdan manfaatdor. Shuning uchun ular Rossiya neftini sotib olyapti. Bu kechirib bo‘lmas holat. Biroq NATO mamlakatlari ham Rossiyaning energetika resurslarini xarid qilyapti. Bu menga yoqmaydi. Ular o‘zlariga qarshi urushni moliyalashtiryapti. Bunaqasi qayerda bo‘lgan?!” — dedi Qo‘shma Shtatlar yetakchisi.
AQSH rahbari Rossiya urushni to‘xtatishga tayyor bo‘lmasa, keng ko‘lamli tariflar siyosatini yuritishga tayyorligini ta’kidladi.“Yevropa Rossiyaga qarshi urush olib borar ekan, bir vaqtning o‘zida uning energetika mahsulotlarini sotib olishda davom eta olmaydi. NATO davlatlari Rossiyaning neft mahsulotlarini sotib olishni to‘xtatmadi. Ular o‘zlariga qarshi urushni moliyalayotganini bilishlari kerak”, — dedi Donald Tramp.
Yevropa Ittifoqida Vengriya va Slovakiya hanuz rus neftini sotib olmoqda. NATO a’zosi Turkiya ham Rossiya energetika resurslaridan foydalanmoqda. Qolgan davlatlar esa asta-sekin rus energiya manbalaridan butunlay voz kechmoqda. Biroq yevropaliklar Trampning Xitoy va Hindistonga boj joriy etish haqidagi talabini imkonsiz deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, bu Yevropada iqtisodiy inqirozga va yevroning qadrsizlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.“Agar Rossiya urushni to‘xtatishga tayyor bo‘lmasa, biz qon to‘kilishini to‘xtatadigan keng ko‘lamli tariflarni qo‘llashga to‘liq tayyormiz. Biroq Yevropa ham bizga qo‘shilishi zarur”, — dedi Donald Tramp.








