O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun bugun, 26-may kuni tongda Toshkent—Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha AQSHga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro mazkur safarga 30 nafar futbolchini olib ketdi. Biroq mundial boshlanishidan oldin yakuniy tarkibni qisqartirish rejalashtirilgan — ulardan 4 nafari Toshkentga qaytadi. Shuningdek, jamoaning asosiy himoyachisi, “Manchester Siti” vakili Abduqodir Husanov terma jamoaga Manchesterdan Nyu-Yorkga yetib boradi.
O‘zbekiston terma jamoasi mundial boshlanishiga qadar ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Dastlabki bahs 1-iyun kuni Kanadaning Edmonton shahridagi “Commonwealth Stadium”da mezbonlarga qarshi bo‘lib o‘tsa, ikkinchi o‘yin 8-iyun kuni Nyu-Yorkdagi “Icahn Stadium” arenasida Niderlandiyaga qarshi kechadi.
“Oq bo‘rilar” birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi. Jamoa ikkinchi turda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan o‘ynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi “NRG” stadionida bo‘lib o‘tadi. 3-tur doirasidagi Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bahs 3-tur uchrashuvi esa 28-iyun kuni “Atlanta” stadionida o‘tkaziladi.
2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqada 48 ta terma jamoa bosh sovrin uchun kurash olib boradi. Kanada JCH—2026 musobaqasining 13 ta o‘yiniga mezbonlik qiladi. Uchrashuvlar Toronto va Vankuverdagi stadionlarda o‘tkaziladi. Meksika ham 13 ta o‘yinni o‘zida qabul qiladi. Uchrashuvlar Mexiko, Gvadalaxara va Monterrey shahrida joylashgan stadionlarida bo‘ladi. Qolgan barcha o‘yinlarga AQSH mezbonlik qiladi.








