Daryo

Saida Mirziyoyeva Londonda moliya tashkilotlari rahbarlari va siyosatchilar bilan uchrashdi

Prezident administratsiyasi rahbari Buyuk Britaniya hukumati, Franklin Templeton va London fond birjasi rahbariyati bilan uchrashib, UzNIF IPOsi, kapital bozori va investitsiyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.

2 daqiqa o‘qish3 623 ko‘rishlar0 izoh1

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 18-may kuni Londonda Buyuk Britaniya hukumati, yirik investitsiya kompaniyalari va London fond birjasi rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Buyuk Britaniya bosh vazirining investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Varun Chandra hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili lord Jon Olderdays bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) jahon bozorlariga muvaffaqiyatli chiqishi hamda Britaniya biznes doiralarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani muhokama qilindi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Qayd etilishicha, hozirga qadar Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshgan.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva dunyodagi eng yirik aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalardan biri — Franklin Templeton bosh ijrochi direktori Jenni Jonson bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish, moliyaviy boshqaruv sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro kliring tizimlari bilan integratsiya hamda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Jenni Jonson O‘zbekistonda IPOga tayyorgarlik jarayoni qisqa muddatda amalga oshirilganini va mahalliy kompaniyalar aksiyalari savdosi yuqori natijalarni ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlagan.

Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva London fond birjasi bosh ijrochi direktori Juliya Enn Xoggett bilan ham muzokaralar olib bordi. Unda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining London fond birjasi platformasiga muvaffaqiyatli chiqishi, barqaror moliyalashtirish, ESG standartlari, “yashil” obligatsiyalar hamda o‘zbek kompaniyalarini global bozorlarda ishlashga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Juliya Enn Xoggettning aytishicha, UzNIF IPOsi London fond birjasida so‘nggi besh yil ichidagi eng yirik joylashtirishlardan biriga aylangan. Uning ta’kidlashicha, bu O‘zbekiston iqtisodiyotida olib borilayotgan islohotlar va mamlakatning investitsion jozibadorligi ortib borayotganining yorqin ko‘rsatkichidir.

Saida Mirziyoyeva global investorlar O‘zbekistondagi islohotlar natijalarini amalda ko‘rayotgani va mamlakat iqtisodiyotiga ishonch bildirayotganini qayd etdi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Shuningdek, Prezident administratsiyasi rahbari Londonda AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan uchrashdi.

“Uning birja savdolarining ochilish marosimida yonimizda turib, qo‘llab-quvvatlagani biz uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Muloqot davomida o‘zaro aloqalarimizni yanada mustahkamlash istiqbollariga to‘xtalib, oldinga qo‘yiladigan qadamlar borasida aniq kelishib oldik”, deyiladi xabarda.

Avvalroq Prezident administratsiyasi rahbari IPOga chiqish haqida fikrlarini bildirib o‘tgandi. U tizimli va izchil islohotlar natijasida mamlakat iqtisodiyoti 3 barobar o‘sgani, davlat institutlari samaradorligi ortib, investorlar uchun kafolatlar mustahkamlanganini qayd etgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar