Daryo

Yaponiya yana ikki o‘zbekistonlikni mamlakatdan chiqarib yubordi

Yaponiyada vizasi tugaganidan keyin ham noqonuniy yashab kelgan ikki nafar o‘zbekistonlik talaba hibsga olinib, deportatsiya qilindi. Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ijtimoiy tarmoqlarda qochqinlik maqomi orqali ushbu davlatda qonuniy qolish yoki ishlash mumkinligi haqida tarqalayotgan yolg‘on ma’lumotlardan ogohlantirdi.

1 daqiqa o‘qish4 694 ko‘rishlar0 izoh5

Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, har ikki shaxs ham “talaba” vizasi bilan Yaponiyaga borib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy ravishda qolgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan.  Tokio vakillari “talaba” vizasi pul topish uchun emas, balki faqatgina o‘qish uchun berilishini, agar noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat qilish holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.

Yaponiya hukumati qonunbuzarlik qilgan shaxslar haqida ma’lumotni O‘zbekiston hukumatiga ham taqdim etadi. Shu sababli, bunday shaxslarga nisbatan O‘zbekistonga qaytganidan keyin ham tegishli choralar ko‘rilishi mumkin. Iltimos, “Yaponiyada ishlash mumkin” kabi takliflarga osongina ishonmasligingizni so‘raymiz, deyiladi xorijiy diplomatik missiya bayonotida.

Shuningdek, elchixona ijtimoiy tarmoqlarda soxta arizalar bilan qochqinlik maqomini olib, mamlakatda uzoq qolish yoki ishlash mumkinligi haqida tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlardan ogohlantirdi. Ariza rad etilsa, shaxs immigratsiya muassasasiga joylashtiriladi yoki majburiy chiqarib yuboriladi. Soxta ma’lumot berish esa jiddiy huquqiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

8-may kuni Yaponiyada noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qilgani haqida xabar qilingandi. 

Aprel oyining oxirlarida Yaponiyadan ikki o‘zbekistonlik deportatsiya qilingandi. Ulardan biri “talaba” vizasi bilan borgan, biroq o‘qishdan chetlatilgach, mamlakatda noqonuniy ravishda qolgani uchun hibsga olingan. Ikkinchisi qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga borib, muddati tugaganidan keyin ham chiqib ketmagan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar