BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi (UNHCR) va Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorlikda afg‘onistonlik muhojirlar haqida hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra, so‘nggi besh oydan kam vaqt ichida Pokistonda 130 mingdan ortiq afg‘onistonlik muhojir hibsga olingani aniqlandi. Bu haqda Tolo News xabar berdi.
Hisobotda qayd etilishicha, afg‘on muhojirlari 2025-yil sentyabr oyidan 2026-yilning yanvar oyigacha bo‘lgan davrda ushlangan. Pokiston OAVning BMT ma’lumotlariga tayanib yozishicha, afg‘onistonliklarni hibsga olish ko‘rsatkichi 18 foizga oshgan.
UNHCR va migratsiya tashkiloti tomonidan e’lon qilingan raqamlar 2025-yil 15-sentyabrdan 2026-yil 10-yanvargacha bo‘lgan vaqt ichida jami 130 999 nafar Afg‘oniston fuqarosi qo‘lga olinganini ko‘rsatmoqda. Hibsga olishlarning hududlar bo‘yicha taqsimoti quyidagicha:
- Balujiston — 68 foiz;
- Islomobod — 19 foiz;
- Xayber-Paxtunxva — 6 foiz;
- Panjob — 4 foiz;
- Sind provinsiyasi — 3 foiz.
Pokistonlik huquqshunos Siddiq Kakarning tushuntirishicha, mamlakatda qonuniy yashashning yagona yo‘li pasport va vizaga ega bo‘lishdir. Viza va pasporti bo‘lmagan har qanday shaxs sud majlisidan so‘ng Afg‘onistonga deportatsiya qilinadi.
Muhojirlar Pokiston politsiyasining harakatlaridan shikoyat qilmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, politsiya nafaqat erkaklarni, balki ayollar, bolalar va jurnalistlarni ham hibsga olmoqda. Avvalroq Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti Pokiston bosh vaziriga maktub yo‘llab, afg‘onistonliklarni majburiy deportatsiya qilishni to‘xtatishga chaqirgan edi.
Lagerlarda elektr energiyasi va suv uzib qo‘yildi
Tolo News’ga ko‘ra, Xayber-Paxtunxva provinsiyasidagi lagerda yashayotgan afg‘on muhojirlari o‘z buyumlarini yig‘ishtirib, vataniga qaytishga majbur bo‘lmoqda. Sababi lagerlardan elektr toki va ichimlik suvi uzib qo‘yilgan. Muhojirlar nafaqat deportatsiyadan, balki farzandlari uchun maktablarning yopiqligidan ham xavotirda. Pokistondagi qochqinlar huquqlari bo‘yicha faol Alloh Mir Miyaxil vaziyatni keskin tanqid qildi:
“Pokistondagi afg‘on muhojirlariga boshqa joylardagi jinoyatchilardan ham yomonroq munosabatda bo‘linmoqda. Afg‘on bolalari uchun maktablar va diniy muassasalar yopib qo‘yildi. Elektr energiyasi uzildi, hatto toza suv ichish imkoniyatidan ham mahrum qilindi”, dedi u.








