AQSH Milliy xavfsizlik vazirligi maxsus aviakompaniyani boshqarish uchun pudratchi izlamoqda. Ushbu kompaniyadan deportatsiya qilish, migrantlarni ko‘ngilli ravishda qaytarish, tibbiy evakuatsiya va inqiroz holatlaridagi topshiriqlarni bajarish uchun foydalaniladi.
Bloomberg bergan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotlar parki quyidagilardan iborat bo‘ladi:
- 7 ta Boeing 737-700 yoki shunga o‘xshash samolyot;
- 2 ta uzoq masofaga uchuvchi Gulfstream G650ER/C-37B samolyoti.
Hozirda ICE (Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati) asosan xususiy kompaniyalarning charter samolyotlaridan foydalanadi. Biroq xarid hujjatlarida keltirilishicha, Vashington yangi kompaniya kecha-yu kunduz ishlashini va AQSH ichida ham, xorijda ham parvozlarni amalga oshirishini istaydi. Pudratchi samolyotlarga xizmat ko‘rsatish, ekipaj, texnik ko‘mak va tibbiy xodimlarni ta’minlab berishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq Milliy xavfsizlik vazirligi shaxsiy samolyotlar parki deportatsiyalarni tezlashtirishini ta’kidlagan edi. Shuningdek, bu qadam byudjetning yiliga 279 million dollargacha tejashga yordam beradi. Bloomberg’ning yozishicha, rasmiylar yirik аviakompaniyalar tamoyili bo‘yicha yagona baza yoki aeroportlar tarmog‘iga ega modelni ham ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq homilador xorijlik ayollarning AQSHga kirishi cheklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Prezident Donald Tramp tarafdorlari tug‘uruq turizmiga qarshi kurashishni rejalashtirmoqda.








