Daryo

AQSH hukumati bir shart evaziga Eron terma jamoasiga o‘yindan ikki kun avval mamlakatga kirishga ruxsat berdi

Siyosiy munosabatlar JCH-2026 dagi ishtirokchilarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. AQSH hukumati Jahon chempionatining guruh bosqichi doirasida o‘ynaydigan Eron terma jamoasi uchun viza va qolish tartibini biroz yumshatdi. Ammo eronlik futbolchilarga mamlakatda tunab qolish bo‘yicha qat’iy taqiq hamon o‘z kuchida qolmoqda.

1 daqiqa o‘qish15 426 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi turida Misrga qarshi maydonga tushadigan Eron milliy terma jamoasining AQSHda qolish muddatini yana bir kunga uzaytirib, ularga o‘yindan ikki kun oldin mamlakatga kirishga ruxsat berdi.

23-iyun, seshanba kuni AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) ushbu qarorni tasdiqladi. Shunga qaramay, Eron terma jamoasiga o‘yindan so‘ng AQSH hududida tunab qolish hanuzgacha taqiqlangan.

“Eron jamoasiga 26-iyun kuni Sietl shahrida bo‘lib o‘tadigan uchinchi o‘yini uchun mamlakatga uchrashuvdan ikki kun oldin kelishga ruxsat berildi”, dedi vazirlik matbuot kotibi Al Jazeera nashriga.

Vazirlik mazkur qaror sabablarini batafsil ochiqlamagan. Biroq bu holat Tehron va Vashington o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi hamda diplomatik muzokaralar ortidan ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlarning biroz yumshashi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

“Eron terma jamoasidan o‘yin tugagan kuniyoq mamlakatni tark etish talab qilinadi. Umumiy xavfsizlik choralari va protokollari o‘zgarishsiz qolgan. Biz futbolchilar, murabbiylar shtabi va muxlislar uchun musobaqani imkon qadar xavfsiz o‘tkazish majburiyatiga sodiq qolamiz”, deya qo‘shimcha qilgan DHS vakili.

Eronlik futbolchilar va sport rasmiylari musobaqa mezbonining ularga nisbatan bunday munosabatidan keskin norozi bo‘lmoqda. Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi barcha uchta o‘yinini AQSHning G‘arbiy sohilidagi shaharlarda o‘tkazishiga qaramay, o‘z o‘quv-mashg‘ulot bazasini Meksikada joylashtirishga majbur bo‘lgan.

AQSH rasmiylari Eron terma jamoasiga nisbatan kiritilgan bu cheklovlar xavfsizlik nuqtai nazaridan ekanligini ta’kidlab keladi. Biroq xalqaro miqyosda tanilgan sportchilarning AQSHda qolishi kimga va qanday tahdid solishi mumkinligi borasida aniq tushuntirish berilmagan.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar