Yaponiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Hajime Moriyasu 2026-yilgi Jahon chempionati uchun 26 nafar futbolchidan iborat yakuniy ro‘yxatni e’lon qildi, biroq kutilmaganda jamoaning asosiy hujumkor futbolchisi Kaoru Mitoma qaydnomadan joy olmadi.
“Brayton” vingeri o‘tgan hafta oxirida Angliya Premyer Ligasi doirasidagi “Vulverhempton”ga qarshi bahsda (3:0) tizzasidan og‘ir jarohat olgan edi. Murabbiy Moriyasuning ta’kidlashicha, jamoa tibbiy shtabi futbolchining mundial vaqtida to‘liq sport formasiga qaytishi qiyin degan xulosaga kelgan. Bu holat “samuraylar” uchun o‘ta og‘ir yo‘qotish deb baholanmoqda. Sababi 28 yoshli Mitoma jamoaning eng xavfli va kreativ futbolchilaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, tizzasidan jarohat olgan Takumi Minamino ham yakuniy tarkibdan tushib qoldi.
Tarkibga uzoq tanaffusdan so‘ng “Ayaks” himoyachisi Takehiro Tomiyasu qaytdi. Shuningdek, Vataru Endo, Takefusa Kubo, Daichi Kamada va 39 yoshli Yuto Nagatomo kabi Jahon chempionatiga boradigan futbolchilar ro‘yxatidan joy olgan.
Ma’lumot uchunm Yaponiya turnirdagi ishtirokini 14-iyun kuni Niderlandiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Guruhdagi qolgan raqiblar — Shvetsiya va Tunis. Jamoa musobaqa oldidan Islandiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.








