Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 11-may kuni dronlar savdosi bo‘yicha yangi ma’lumotlarni ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 20 ta davlat Ukraina bilan bu borada hamkorlik qilish istagida.
Zelenskiy 28-fevralda AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri Ukrainaning dronlar borasidagi tajribasidan diplomatik maqsadlarda foydalanmoqda. U Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga qilgan tashriflari davomida bir qator muvaffaqiyatli kelishuvlarga erishdi.
“20 ga yaqin davlat turli bosqichlarda ushbu jarayonga jalb qilingan. To‘rtta bitim imzolandi va hozirda ushbu hujjatlar asosida dastlabki shartnomalar tayyorlanmoqda”, deb yozdi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ukraina aprel oyida Germaniya, Norvegiya va Niderlandiya bilan mudofaa hamda dronlar bo‘yicha kelishuvlarni imzolagan edi. Bungacha, mart oyi oxirida Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bilan uzoq muddatli xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, aprel oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham mudofaa va energetika sohalarida bitimlar imzolandi.
Yangi hamkorlik va yonilg‘i ta’minoti
Zelenskiy o‘z postida Ukraina dunyoning yana bir mintaqasi bilan dronlar bo‘yicha xavfsizlik hamkorligini boshlashini aytdi. Biroq u aynan qaysi mintaqa ekaniga aniqlik kiritmadi. Ukraina prezidentining qo‘shimcha qilishicha, ushbu kelishuvlar tufayli mamlakat zarur miqdordagi yonilg‘ini qabul qila boshlagan. Zelenskiy bu boradagi tafsilotlarni ochiqlamadi.
Ukraina rahbari “dron diplomatiyasi” orqali nafaqat harbiy sohani rivojlantirishni, balki Yaqin Sharq davlatlari bilan energiya yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, bu harakatlar Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun yangi bozorlar topishga ham yordam berishi kutilmoqda.
Ukraina Yaqin Sharq davlatlari bilan dron ishlab chiqaradi
Ukraina Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA bilan dronlar ishlab chiqarishni hamda ularga qarshi tizimlar yaratishni boshlaydi. Zelenskiy aprel oyida Yaqin Sharq davlatlari bilan tegishli shartnomalar tuzilganini ma’lum qilgandi.
“Ushbu kelishuvlar Ukrainaning ham xususiy, ham davlat sektori bilan tuziladigan bir qator turli kontraktlar orqali amalga oshiriladi”, degan Zelenskiy.
U Ukraina o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga va turli harbiy texnikalarni yagona tizimga birlashtirish uchun dasturiy ta’minot taqdim etishga tayyorligini aytgan.








