Yaqin Sharqda Eron atrofidagi urush doirasida harbiy harakatlar yana avj oldi. Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) strategik muhim Fujayra neft porti va bir nechta AQSH kemalariga zarbalar berildi. Bu voqealar AQSH va Eron o‘rtasidagi sulhga raxna solmoqda, deya xabar berdi The Wall Street Journal.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari admiral Bred Kuperning ma’lum qilishicha, Eron AQSH harbiy kemalari va savdo kemalariga qarata qanotli raketalar va ko‘plab dronlar uchirgan. Bu hujumlar AQSH kemalarning Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishiga yordam berishni boshlagan vaqtda sodir bo‘ldi. Dengizchilar tankerga dron kelib urilganini va osmonda harbiy samolyotlar uchganini aytdi.
BAAda ogohlantirish e’lon qilindi
Eronga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishni yoqlab kelayotgan BAA xavf haqida ogohlantirish berdi. Mamlakat rasmiylari hududga bir qancha raketa va dronlar hujum qilganini bildirdi. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, dron hujumi oqibatida Fujayra neft markazida yong‘in chiqqan. BAA ushbu portdan Hormuz bo‘g‘ozidagi Eron nazoratini chetlab o‘tib, neft mahsulotlarini tashishda foydalanadi.
BAA Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan bayonot berib, Eronning yangi hujumlarini “xavfli eskalatsiya” va “qabul qilib bo‘lmas tajovuz” deb baholadi. Vazirlik agressiyaga javob berish huquqi borligini bildirdi.
“Biz hech qanday holatda xavfsizligimiz va suverenitetimizni himoya qilishda yon bermaymiz. Hujumlarga to‘liq va qonuniy javob berish huquqimiz bor”, deyiladi vazirlik xabarida.
Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida uchta kema hujumga uchradi
Britaniyaning dengiz savdo operatsiyalari markazi 4-may kuni Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida uchta kema alohida hujumlarga uchraganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, birinchi hodisada Fujayra shahridan 78 dengiz mili shimolda tankerga noma’lum snaryad kelib urildi. Ekipaj a’zolari sog‘-salomat, atrof-muhitga zarar yetmagan.
Ikkinchi voqeada Dubaydan 36 dengiz mili shimolda yuk kemasining dvigatel xonasida yong‘in chiqdi. Yong‘in sababi hozircha noma’lum. Ekipaj xavfsiz joyda.
Uchinchi holatda BAAning Mina Saqr portidan 14 dengiz mili g‘arbda yana bir kema yonib ketdi. Yaqin atrofdagi kemalarga masofa saqlash tavsiya etildi. Yong‘in sababi hali tasdiqlanmadi.
Islon Inqilobi qo‘riqchilari korpusi belgilangan qoidalarga amal qilmagan har qanday dengiz harakati to‘xtatilishini va qoidabuzar kemalar majburan ushlab qolinishini ma’lum qilgandi.
Parvozlar yo‘nalishi o‘zgartirilmoqda
Bu hujumlar ortidan Dubayga uchayotgan ko‘plab samolyotlar Ummon poytaxti Muskat shahriga yo‘naltirildi. Yaqin Sharqdagi urush aprel oyidagi sulhgacha aviatsiya qatnoviga katta zarar yetkazgandi.
Osprey Flight Solutions xavfsizlik firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 28-fevralda urush boshlanganidan beri yetti mamlakatdagi kamida to‘qqizta fuqarolik aeroporti, jumladan, BAA va Kuvaytdagi aeroportlar hujumlardan zarar ko‘rgan.
CENTCOM rahbari admiral Kuperning aytishicha, hozirda Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun yana boshqa kemalar yo‘lga chiqqan. AQSH harbiylari allaqachon ikkita savdo kemasini suv yo‘li orqali muvaffaqiyatli olib o‘tgan. Kuper bo‘g‘ozdan o‘tishni yana 87 ta davlat kutayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shu kuni Eron Hormuzga kirmoqchi bo‘lgan AQSH kemasiga ikkita raketa uchirgani haqida xabar bergandi. Eron harbiy-dengiz kuchlari buni “Amerika-sionistik” kemasiga qaratilgan hujum deya ta’kidladi.
Fars axborot agentligining yozishicha, AQSH harbiy kemasi Eron ogohlantirishlariga e’tibor bermagan. Shundan so‘ng Ummon ko‘rfazidagi Jask shahri yaqinida ushbu kemaga ikkita raketa zarba bergan.








