Daryo

AQSH va Eron muzokaralari Pokistonda qayta boshlanishi mumkin — WSJ

Manbaga ko‘ra, Vashington va Tehron tomonlari hozirda vositachilar bilan birgalikda o‘zaro anglashuv memorandumi ustida ishlamoqda.

1 daqiqa o‘qish3 634 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi muzokaralar raundi kelasi hafta Pokiston poytaxti Islomobodda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington va Tehron tomonlari hozirda vositachilar bilan birgalikda o‘zaro anglashuv memorandumi ustida ishlamoqda. Ushbu hujjatda bir oy davom etishi rejalashtirilayotgan muzokaralar jarayonining shartlari belgilanadi. Agar kelishuvga erishilsa, muzokaralar Islomobodda kelasi haftadayoq qayta boshlanishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, dastlabki muzokara muddati bir oy etib belgilangan bo‘lsa-da, tomonlar o‘zaro rozilik asosida uni uzaytirishi mumkin.

Saudiya Arabistonining Al Arabiya telekanali ham diplomatik manbaga tayanib, muzokaralarda asosiy e’tibor urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi, Hormuz bo‘g‘ozini ochish hamda AQSH tomonidan Eron Islom Respublikasiga nisbatan joriy etilgan blokadalarni yumshatish masalalariga qaratilganini xabar qilgan edi.

Shu bilan birga, manba muzokaralar jarayoni murakkab kechayotganini va hali ham jiddiy to‘siqlar mavjudligini ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Eron va AQSH o‘rtasidagi ilk muzokaralar 11-aprel kuni Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda 21 soat davom etgan muzokara natijasiz yakunlangandi.

22-aprel kuni tomonlar uchrashishi kutilayotgan edi. Tramp 19-aprel kuni AQSH delegatsiyasini muzokaralarga yuborganini e’lon qildi. Axios esa Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy 20-aprel kuni muzokara o‘tkazishga ruxsat berganini xabar qildi.

Biroq Tasnim agentligi Eron 22-aprelga belgilangan AQSH bilan muzokaralar o‘tkazishdan uzil-kesil bosh tortganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng, AQSH prezidenti Donald Tramp 22-aprel kuni tugashi kerak bo‘lgan Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish sulhini noma’lum muddatga uzaytirdi. Tramp tegishli qarorni Pokiston iltimosiga ko‘ra qabul qilganini aytdi.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar