Eron delegatsiyasi AQSH bilan muzokara o‘tkazish uchun 20-aprel kuni oliy rahnamo Mojtaba Xomanaiydan “yashil chiroq” oldi. Bu haqda Axios manbaga tayanib xabar berdi.
Oq uy 20-aprel kuni davomida Tehrondan Eron muzokarachilarining Islomobodga yo‘l olishi haqidagi signalni kutgan. Pokiston, Misr va Turkiya ham ularni muzokaralarga undagan. Biroq Eron tomoni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosimi bilan vaqtni cho‘zgan. Ular delegatlardan qat’iy pozitsiyani egallashni, jumladan, AQSH dengiz blokadasini to‘xtatmaguncha hech qanday muzokaralar o‘tkazmaslikni talab qilgan.
Endi Islomoboddagi uchrashuvga AQSH delegatsiyasiga birinchi raundda rahbarlik qilgan vitse-prezident Jey Di Vens ham borishi kutilmoqda. Uning parvozi 21-aprel tongiga rejalashtirilgan, biroq ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u 20-aprel kechasi (AQSH vaqti bilan) allaqachon yo‘lga chiqqan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, muzokaralarda ishtirok etish uchun Islomobodga Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner ham borishi kutilmoqda.
AQSH va Eron muzokaralari
Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi 11-12-aprel kunlari Islomobodda bo‘lib o‘tdi, biroq u hech qanday natijasiz yakunlandi. Bir hafta o‘tgach, Eron to‘sib qo‘yilgan Hurmuz bo‘g‘ozini tijorat kemalari uchun ochishini e’lon qildi, biroq tez orada uni qayta yopdi.
Shu bilan birga, AQSH Hormuzni blokada qilishni boshladi va boʻgʻozdan oʻtadigan kemalar Eronga toʻlov qilsa, taʻqib qilinishidan ogohlantirdi. AQSH 19-aprel kuni Ummon koʻrfazida suzayotgan Eron kemasini oʻqqa tutib, qoʻlga oldi. Kema Eron Bandar-Abbos porti tomon yo‘l olayotgandi. Bunga javoban Eron AQShning harbiy kemalariga hujum qilganini taʻkidladi.
Tomonlar oʻrtasida kelishilgan ikki haftalik sulh 21-aprelda tugasa-da, Tramp oxirgi muddat 22-aprel oqshomi ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSH rahbari sulhning uzaytirilishi ehtimoldan yiroq ekanini aytmoqda.








