Daryo

Eron AQSH bilan muzokaralar uchun beshta shart qo‘ydi

Bu Vashington bilan muzokaralarning ikkinchi raundini o‘tkazish uchun ishonch kafolati hisoblanadi.

1 daqiqa o‘qish6 654 ko‘rishlar0 izoh4

Eron Vashington beshta talabni bajarmaguncha, AQSH bilan muzokaralarning ikkinchi raundini boshlamaydi. Bu haqda Fars axborot agentligi o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu shartlar AQSH bilan muzokaralar o‘tkazish uchun ishonch kafolati hisoblanadi. Eronning talablari quyidagilardan iborat:

  • barcha jabhalarda, ayniqsa, Livanda urushni to‘xtatish;
  • Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish;
  • Eronning muzlatilgan mablag‘larini qaytarish;
  • harbiy harakatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash;
  • Eronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan suveren huquqini tan olish.
“Ushbu shartlar muzokaralar jarayoniga qaytish uchun minimal darajadagi ishonchni yaratish maqsadida qo‘yildi. Tehron ushbu bandlar amalda bajarilmas ekan, yangi muzokaralarga kirishish imkonsiz deb hisoblaydi”, deyiladi bayonotda.

“Bir tomonlama” takliflarga javob

Eron bu beshta talabni AQSHning 14 banddan iborat tinchlik taklifiga javoban ilgari surdi. Agentlik manbalariga ko‘ra, Vashington takliflari butunlay bir tomonlama bo‘lib, faqat Qo‘shma Shtatlar manfaatlarini ko‘zlagan.

“Amerikaliklar ushbu taklif orqali urushda erisha olmagan maqsadlariga muzokaralar yo‘li bilan yetmoqchi bo‘lishdi”, deb yozdi Fars.

Muzokaralar jarayoni va yangi rejalar

3-may kuni Tehron Vashingtonga nizoni yakunlash bo‘yicha 14 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etdi. Ushbu hujjat Tehron va Vashington o‘rtasidagi doimiy aloqalar doirasida Pokistonga topshirilgan. Bu Eronning AQSH tomonidan ilgari surilgan to‘qqiz bandlik taklifiga javobi edi.

6-may kuni AQSH va Eron urushga chek qo‘yadigan anglashuv memorandumini imzolashga yaqin ekani haqida xabar berildi. Bu hujjat kelajakda yadroviy muzokaralar uchun asos bo‘lishi kutilmoqda.

Tomonlarning asosiy maqsadlari

AQSH prezidenti Donald Tramp Amerikaning asosiy talabi Eronning yadroviy quroldan voz kechishi ekanini bir necha bor ta’kidlagan. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Eron va AQSH shu haftada Islomobodda muzokaralarni qayta tiklashi mumkin. Axios xabariga ko‘ra, tomonlar kelishuvga juda yaqin turibdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar