Eron AQSH bilan tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichini o‘tkazish bo‘yicha yangi reja taklif etdi. Bundan oldin Tramp ma’muriyati Eronning yadroviy dasturi haqidagi muzokaralarni ortga surish taklifini rad etgandi. Bu haqda CBS News va “Ria Novosti” xabar berdi.
Taklif Eron yuqori martabali qo‘mondonining tahdidli bayonoti fonida yangradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tomonidan amalga oshiriladigan har qanday yangi hujumga Eron “davomli, keng ko‘lamli va og‘riqli zarbalari” bilan javob qaytaradi.
“Ria Novosti” agentligining yozishicha, Eron 30-aprel kuni kechqurun yangi reja matnini vositachi bo‘lgan Pokistonga topshirgan. O‘tgan haftada Amerika tomoni muzokaralar yakunlangunga qadar Islom Respublikasi bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirgandi.
Tinchlikning uch bosqichli formulasi
Al Mayadeen nashrining avvalroq ma’lum qilishicha, Tehron Islomobod orqali Vashingtonga muloqotni davom ettirish uchun uch bosqichli formulani taklif etgan:
1. Urushni tugatish hamda Eron va Livan uchun xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish.
2. Tomonlar Hormuz bo‘g‘ozini boshqarish mexanizmlarini muhokama qiladi.
3. Eron yadroviy dasturi masalasi ko‘rib chiqiladi.
Uchinchi bandga o‘tish faqat dastlabki ikki bosqich bo‘yicha kelishuvga erishilgandagina mumkin bo‘ladi.
Tramp 1-may kuni AQSH ushbu urushda allaqachon g‘alaba qozonganini yana bir bor ta’kidladi. To‘qqiz haftadan beri davom etayotgan va qimmatga tushgan urush bo‘yicha keyingi qadamlarini o‘ylamoqda. Tramp “kattaroq natija bilan g‘alaba qozonishni” va Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini ta’minlashni istamoqda.
Oq uy munosabati
Oq uy Eronning qarshi taklif kiritgani haqidagi xabarlarga izoh bermadi va bunday hujjat olinganini ham tasdiqlamadi.
“Biz shaxsiy diplomatik suhbatlar tafsilotini ochiqlamaymiz. Prezident Tramp aniq aytgan: Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘la olmaydi. Muzokaralar AQSH milliy xavfsizligini ta’minlash uchun davom etmoqda”, dedi Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli.
Ayni paytda Eron sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Muhsiniy Ejey Tehron AQSH bilan muzokaralar uchun ochiq ekanini aytdi. Biroq u tahdidlar ostida Eronning zimmasiga biror “siyosatning yuklanishi”ni qabul qilmasligini ta’kidladi.
“Islom Respublikasi hech qachon muzokaralardan qochmagan. Lekin biz tazyiq ostida shartlar qabul qilinishiga aslo rozi bo‘lmaymiz”.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron urushni aslo xushlamaydi va uning davom etishini istamaydi. Ammo mamlakat urushdan qochish uchun o‘z prinsiplari va qadriyatlaridan voz kechmasligini bildirdi. U AQSHni “yovuz dushman” deb atadi.








