Daryo

Eron yetti yillik tanaffusdan keyin Yaponiyaga neft sotmoqchi

Bu AQSH Tehronga qarshi sanksiyalarni vaqtincha bekor qilgani ortidan amalga oshirilmoqda.

2 daqiqa o‘qish8 041 ko‘rishlar0 izoh7

Eron yetti yillik tanaffusdan so‘ng Yaponiyaga qayta neft sotish uchun ushbu mamlakat kompaniyalari bilan muzokaralarni boshladi. Bu haqda Eron va G‘arbdagi manbalarga tayanib Reuters xabar berdi.

Bu savdoga AQSH tomonidan berilgan vaqtinchalik ruxsatnoma (sanksiyadan ozod qilish) sabab bo‘ldi. Biroq yaponiyalik xaridorlar bu muddatni uzaytirishni va kemalar xavfsizligini ta’minlashni talab qilmoqda.

Tehron va Vashington o‘rtasidagi 60 kunlik tinchlik muzokaralarining bir qismi bo‘lgan bu ruxsatnoma 22-iyun kuni berilgan. Uning muddati 21-avgustda tugaydi. Erondagi manbalarga ko‘ra, Yaponiyaning uchta xaridor kompaniyasi Erondan xom neft sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Agar kelishuv amalga oshsa, bu 2019-yildan buyon ilk xarid bo‘ladi.

G‘arbdagi sanoat manbasi ham Yaponiya va Eron rasmiylari dastlabki muzokaralarni boshlaganini tasdiqladi. Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI) rasmiysi esa bu masaladan bexabar ekanini aytdi. Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi va AQSH Moliya vazirligi holat bo‘yicha izoh bermadi.

2018-yilda AQSH prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy kelshuvidan chiqqan edi. Shundan so‘ng sanksiyalar kuchaytirildi. Oqibatda Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Yevropa davlatlari Eron neftini sotib olishni to‘xtatgandi.

Hormuzdagi xavflar

Yaponiya rasmiysining iyun oyida aytishicha, neft sotib olish xususiy kompaniyalarning ishi hisoblanadi. Biroq u yetkazib berish vaqti va amaldagi shartnomalar sababli bu kelishuvlar amalga oshish-oshmasligi aniq emasligini bildirdi. Shuningdek, u tankerlar qatnovi xavfsiz bo‘lishi shartligini qo‘shimcha qildi.

Eronlik yuqori martabali mulozimga ko‘ra, Eron va Yaponiya o‘rtasidagi yuk tashish vaqtini hisobga olganda, kelishuv uchun AQSH ruxsatnoma muddatini uzaytirishi kerak. Neft Eronning Xarg orolidan Yaponiya boshqaruvidagi tankerlarga yuklanishi rejalashtirilgan.

Eron Neft vazirligi rasmiysining ma’lum qilishicha, Eron milliy neft kompaniyasi (NIOC) o‘zining doimiy mijozlariga, jumladan, Yaponiyaga ham murojaat qilgan. Kompaniya agar tinchlik bitimi tuzilsa va sanksiyalar olib tashlansa, xaridlarni qayta tiklashni taklif qilgan. Eron Neft vazirligi bu borada rasmiy munosabat bildirmadi.

Hozirda Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish yo‘li hali ham xavfsiz emas. Tehron va Vashington o‘rtasida yakuniy tinchlik bitimi tuzilganidan keyin bu yo‘l qanday ishlashi noma’lumligicha qolmoqda. O‘tgan haftada Eron kuchlari Hormuz bo‘g‘ozida konteyner kemasiga hujum qilgan edi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa bo‘g‘ozdan o‘tadigan barcha kemalar avval ulardan ruxsat olishi kerakligini ma’lum qilgan.

BMTning yuk tashish agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, suv yo‘lining markaziy qismida 80 ga yaqin minalar bor. Yaponiyaning yirik neftni qayta ishlash kompaniyasi mulozimining aytishicha, eng katta muammo kemalarni sug‘urtalash bo‘ladi.

Tahlilchilar va savdogarlarning fikricha, AQSHning hozirgi vaqtinchalik ruxsatnomasi zaxirasi yetarli bo‘lgan Osiyo kompaniyalarini jalb qila olmaydi. Shu sababli hozircha Eron neftining asosiy xaridori Xitoyning mustaqil zavodlari bo‘lib qolmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar