O‘zbekistonda nogironligi belgilangan va rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi prezidentning 27-apreldagi farmoniga tayanib ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan bolalardagi jismoniy va aqliy rivojlanishdagi nuqsonlarni erta aniqlash hamda ularni o‘z vaqtida kompleks ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimi joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyungacha “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Mazkur tizim doirasida nogironligi belgilangan yoki jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan 3 yoshgacha bolalarga xizmat ko‘rsatiladi.
Ularga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi maxsus elektron reyestrga kiritilgan nodavlat tashkilotlar xizmat ko‘rsatadi. Bolalar bilan maxsus pedagoglar korreksion va rivojlantiruvchi pedagogik yordam olib boradi, davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchilari esa kompleks reabilitatsion mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Shuningdek, nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqson bilan tug‘ilgan bolalarni qo‘shimcha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va zarur jarrohlik amaliyotlari bilan bog‘liq xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Farmon bilan ruhiy holati buzilgan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham oilaviy muhitga yaqin yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. Ular mo‘tadil, og‘ir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisi qo‘yilgan fuqarolarni qamrab oladi.
Xususan, 2026-yil 1-iyungacha “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati, 1-sentyabrgacha uy sharoitida qarab turish xizmati, 1-oktyabrgacha kichik hajmli “Madad” uyi xizmati, 1-noyabrgacha esa “Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, “Ijtimoiy ta’til” xizmati kichik hajmli “Madad” uylarida tashkil etiladi. U ijtimoiy reyestrga kiritilgan ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning qonuniy vakili bilan tuziladigan shartnoma asosida yiliga bir marta, biroq ikki haftadan oshmagan muddatga ko‘rsatiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik hamda homiylik komissiyalari tarkibiga “Inson” markazlari xodimlari ham kiritiladi. Shu sanadan boshlab ruhiy holati buzilgan shaxslarga vasiy yoki homiy etib tayinlangan shaxslarning o‘z majburiyatlarini bajarishi “Inson” markazlari tomonidan monitoring qilib boriladi.
Shavkat Mirziyoyev 17-aprel kuni aholini, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda bu yo‘nalishdagi qonunchilik bazasini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.
Ushbu taqdimotda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus xizmatni ishga tushirish haqida so‘z yuritilgan. Asosiy maqsad ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oila muhitiga yaqin sharoitda kompleks xizmatlar ko‘rsatish hamda parvarish bilan band oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekani ta’kidlangan.








