Daryo

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Erta aralashuv” xizmatini olish tartibi belgilandi

Xizmat haftasiga 6 kun, soat 08:00 dan 18:00 gacha ko‘rsatilishi belgilangan. Nodavlat tashkilotlarga xarajatlar vaucherning amalda foydalanilgan qismi uchun subsidiya shaklida qoplanadi.

1 daqiqa o‘qish3 808 ko‘rishlar0 izoh0

Vazirlar Mahkamasining 21-maydagi qarori bilan “Erta aralashuv” xizmatini ko‘rsatishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, xizmat tug‘ilgandan 3 yoshgacha nogironligi belgilangan bolalarga, shuningdek rivojlanishida ortda qolish xavfi mavjudligi haqida xulosa berilgan 1 yoshgacha hamda 1–3 yoshdagi bolalarga ko‘rsatiladi.

Xizmat ko‘rsatish istagini bildirgan nodavlat tashkilotlar elektron reyestrga kiritiladi. Bolaning ota-onasi xizmatdan foydalanish uchun “Inson” markazi, Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali hamda “Ijtimoiy karta” ilovasi orqali murojaat qilishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, so‘rovnoma tasdiqlangandan keyin bir ish kuni ichida bola uchun elektron vaucher shakllantiriladi. Vaucher rasmiylashtirilganidan so‘ng ota-onalar 30 kun ichida undan foydalanishni boshlashi kerak bo‘ladi.

Buyurtma nodavlat tashkilot tomonidan qabul qilingach, 10 ish kuni ichida bolaning ota-onasi bilan birga “erta aralashuv” rejasi ishlab chiqiladi.

Qarorda xizmat haftasiga 6 kun, soat 08:00 dan 18:00 gacha ko‘rsatilishi belgilangan. Nodavlat tashkilotlarga xizmat xarajatlari vaucherning amalda foydalanilgan qismi uchun subsidiya shaklida qoplanadi.

Prezidentning 27-apreldagi farmoni bilan nogironligi bo‘lgan hamda jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonlari mavjud bolalarni erta aniqlash va ularga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy etish tartibi belgilangandi.

2026-yil 1-iyungacha “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati, 1-sentyabrgacha uy sharoitida qarab turish xizmati, 1-oktyabrgacha kichik hajmli “Madad” uyi xizmati, 1-noyabrgacha esa “Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar