Yaponiyaning Tokio shahri hukumati xodimlardan jazirama issiqda ishga shortikda kelishni so‘radi. Bu Yaqin Sharqdagi harbiy mojarolar fonida energiya xarajatlari oshib borayotganiga qarshi kurashishga qaratilgan. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Tokio rasmiylari ushbu chora konditsionerlarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishiga umid qilmoqda. Mazkur tashabbus Yaponiyaning energiya tejashga qaratilgan “Cool Biz” dasturidan ilhomlangan. Atrof-muhit vazirligi tomonidan 2005-yilda yo‘lga qo‘yilgan ushbu loyiha dastlab davlat xizmatchilarini galstuk va pidjaklardan voz kechishga undagan edi. Biroq hozirgacha rasmiy doiralarda shorti kiyishga ruxsat berilmagan.
Energiya taqchilligi xavfi va Osiyo davlatlarining reaksiyasi
Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Yaponiya va boshqa Osiyo davlatlari neft narxining oshishi hamda yoqilg‘i taqchilligi xavfidan xavotir bildirmoqda. Tabiiy resurslarga boy bo‘lmagan Yaponiya neft importining 90 foizini Yaqin Sharqdan oladi. Bu mahsulotlarning aksariyati Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Ammo AQSH hujumlari sababli Eron boʻgʻozni yopib qoʻygan.
Janubiy Koreyada iste’mol qilinadigan tabiiy gazning qariyb 20 foizi ham shu yo‘nalish orqali yetkaziladi. Vyetnam, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar energiya iste’molini cheklash choralarini ko‘rmoqda. Ayrim davlatlar amaldorlarni masofadan ishlashga o‘tkazgan yoki ish haftasini qisqartirgan. Seulda esa aholi qisqa masofalarga piyoda yoki velosipedda yurishga undalmoqda.
Yaponiya o‘zining strategik neft zaxiralaridan foydalanishni boshlagan. 1-maydan boshlab bozorga yana 20 kunlik zaxirani chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, mamlakat Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tmaydigan muqobil yetkazib beruvchilarni izlamoqda.
Mutaxassislarga koʻra, agar ushbu muhim suv yo‘lida yuk tashish tez orada me’yoriga qaytmasa, dunyoning to‘rtinchi yirik iqtisodiyoti 1970-yillardagi “neft shoki” davridagidek xom neft tanqisligiga duch kelishi mumkin. Energiya inqirozi tahdidi Tokio hukumati xodimlariga ishga erkin kiyimda kelishga ruxsat berishdagi “omillardan biri” hisoblanadi.








