Eron agar uning hududlariga, jumladan, orollariga quruqlikdan bostirib kirilsa, Qizil dengiz bilan Arab dengizini bog‘lovchi Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopishi mumkin. Bu haqda Eronning Tasnim agentligi xabar berdi.
“Bob al-Mandab dunyoning strategik muhim bo‘g‘ozlaridan biri hisoblanadi. Eron unga real tahdid solish uchun ham irodaga, ham imkoniyatga ega. Shu bois, agar amerikaliklar ahmoqona choralar bilan Hormuz bo‘g‘ozi muammosini hal qilmoqchi bo‘lsa, yana bir bo‘g‘oz bilan bog‘liq vaziyatni og‘irlashtirmaslik uchun ehtiyot bo‘lishi kerak”, degan agentlikka harbiy manba.
Agentlik suhbatdoshi Eron keskinlashuvga to‘liq tayyor ekanini ham ta’kidlagan
“Biz dushman uchun kutilmaganda boshqa frontlarni ochamiz, natijada uning xarajatlari ikki baravar oshadi”, degan u.
Bob al-Mandab bo‘g‘ozi Yaman va Eritreya o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Adan ko‘rfazini Qizil dengiz bilan bog‘laydi. Uning uzunligi qariyb 115 kilometr, o‘rtacha chuqurligi 150 metrni tashkil etadi.1869-yildan buyon u Suvaysh kanalining janubiy darvozasi hisoblanadi.
- Ushbu yo‘lak orqali jahon dengiz savdosining 10–12 foizi va konteyner tashishlarning qariyb 30 foizi amalga oshiriladi. Har yili bu hududdan taxminan 20 ming kema o‘tadi.
Bo‘g‘oz Yaman hududiy suvlari tarkibiga kiradi. Mart o‘rtalarida yamanlik yuqori martabali harbiy qo‘mondon Abed al-Tavr husiylar Eron tarafida urushga qo‘shilib, AQSH va Isroil uchun Bob al-Mandabni yopishi mumkinligini aytgandi. Bu esa AQSH va Isroilga yo‘l olgan savdo va harbiy kemalar, jumladan aviatsiya tashuvchilar harakatiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Eron Yamanning shimolini nazorat qiluvchi husiylarni qo‘llab-quvvatlaydi, ularga qurol-yarog‘, dronlar va razvedka ma’lumotlari beradi. Eslatib o‘tamiz, AQSH va Isroilning harbiy amaliyoti ortidan Eron fevral oxirida Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygandi. Bu bo‘g‘oz orqali dunyo neftining qariyb 20 foizi va suyultirilgan gazning 30 foizidan ortig‘i tashiladi. Uning yopilishi energiya narxlarining keskin oshishiga olib kelgan. Yaqinda Eron bo‘g‘ozdan faqat “do‘st” davlatlar kemalarining o‘tishiga ruxsat berdi.








