AQSH Yaponiyadagi dengiz piyodalarining elita bo‘linmasini Yaqin Sharqqa yubormoqda. Bu haqda The Telegraph gazetasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, gap 2500 nafar harbiyni o‘z ichiga olgan “tezkor javob berish guruhi” haqida ketmoqda. Ushbu bo‘linma inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish uchun dunyoning istalgan nuqtasiga qisqa vaqt ichida joylashishga tayyor.
Operativ guruh 31-ekspeditsiya korpusi tarkibiga kiradi, odatda bu bo‘linma Yaponiyaning Okinava orolida joylashgan. Guruh suzuvchi bazadan harakatlana oladi, ya’ni ochiq dengizda turib, mojaro hududiga yaqin joyda faoliyat yuritadi.
Bo‘linma USS Tripoli universal desant kemasida harakatlanadi. Mazkur kema F-35B qiruvchi samolyotlari uchun “yengil aviatsiya tashuvchisi” sifatida ham xizmat qiladi.
“AQSH missiyasining mohiyatini oshkor qilmadi. Ammo elita bo‘linmasiga, ehtimol, Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni tiklash topshiriladi. Dengiz piyodalari ekspeditsiyasi korpusining Hormuz bo‘g‘ozi hududiga yetib kelishi urushning yangi bosqichi — quruqlikdagi operatsiyalar boshlanishidan darak berishi mumkin”, deyiladi nashrda.
So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalarida AQSHning Eronda quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish rejalari haqidagi xabarlar tobora ko‘paymoqda. 15-mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp tegishli savolga aniq javob bermay, harbiy strategiyasi bilan o‘rtoqlashmoqchi emasligini aytdi.








