Eron hozircha Pokistonga muzokarachilar delegatsiyasini yuborishni rejalashtirmayapti. AQSH Hormuz bo‘g‘ozini qamalda ushlab turar ekan, muzokaralar o‘tkazilmaydi, deya xabar berdi Eronning Tasnim agentligi mamlakat muzokarachilar guruhiga tayanib.
Ta’kidlanishicha, Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi yakunlangach, Pokiston vositachiligida xabar almashish davom etgan.
“Aslida, bu jarayon “Amerika tomonining haddan tashqari talablari va da’volari tufayli muzokaralarning samarasiz yakunlanishiga olib kelgan” o‘sha muloqotning davomidir”, deyiladi xabarda.
Eron muzokarachilar jamoasi AQSH prezidenti Donald Trampning Eronni dengiz orqali qamal qilish to‘g‘risidagi bayonoti o‘z kuchida ekan, keyingi aloqalar imkonsiz ekanligini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Eronning yana bir davlat agentligi — IRNA Islomoboddagi muzokaralarning ikkinchi raundi haqidagi xabarlarni rad etgan. Agentlikning qayd etishicha, AQSH tarqatayotgan yangi uchrashuv haqidagi xabarlar “ularning media o‘yinining bir qismi” bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
IRNA biror manbaga tayanmagan holda, muzokaralarga “AQSHning haddan ziyod talablari, asossiz va haqiqatdan yiroq umidlari”, Vashingtonning “pozitsiyasini doimiy o‘zgartirib turishi”, uning “ziddiyatli bayonotlari” va tahdidlari, shuningdek, dengiz qamali to‘siq bo‘layotganini ma’lum qilgan.
Bundan avval Tramp sulh tugashi arafasida AQSH o‘z muzokarachilarini Islomobodga yuborganini yozgandi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 21-aprelda yakuniga yetadi. Al Jazeera Pokiston xavfsizlik xizmatlaridagi ikki manbasiga tayanib, yangi muzokaralar kelasi hafta Islomobodda 24-aprelgacha bo‘lib o‘tishi mumkinligini xabar qilgan.
Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning avvalgi raundi 11-aprel kuni — sulh e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tib Islomobodda bo‘lib o‘tgan edi. Biroq tomonlar bir qator muhim masalalarni hal etmay qoldirgan. Axios nashrining yozishicha, AQSH uranni boyitishga 20 yillik moratoriy joriy etishni, Eron esa bundan qisqaroq muddatni taklif qilgan. Tramp avvalroq bitim istiqbolini Eronning yadro quroliga ega bo‘lish niyatidan voz kechishi bilan bog‘lagan.








