Kunlar iliy boshlaganidan beri ochiq havoda dam olish va varrak uchirish ommalashmoqda. Shu munosabat bilan Uzbekistan Airports aeroportlar yaqinida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarurligini eslatdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, varrak uchirish ko‘pchilik uchun sevimli mashg‘ulot bo‘lsa-da, aeroportlar yaqinida bu jiddiy xavf tug‘diradi. Varraklar balandga ko‘tarilib, samolyotlarning uchish va qo‘nish hududlariga kirib qolishi mumkin. Bu esa to‘qnashuv, texnikaning shikastlanishi va favqulodda holatlar ehtimolini oshiradi.
Shuningdek, mustahkam yoki kuchaytirilgan iplar havo kemalari uskunalariga zarar yetkazishi yoki dvigatellarga tushib qolishi mumkin. Bu holatlar parvozlar xavfsizligiga bevosita tahdid hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 17-moddasiga muvofiq, parvozlar xavfsizligiga xavf tug‘diruvchi har qanday faoliyat, jumladan, aeroport hududi va uning yaqinida varrak uchirish ham taqiqlangan.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 116²-moddasiga ko‘ra, havo hududidan ruxsatsiz foydalanish BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa sabab bo‘ladi. Agar bu harakat aviatsiya hodisasiga olib kelsa, jinoiy javobgarlik ham kelib chiqishi mumkin.
Uzbekistan Airports poytaxt aholisi va mehmonlarini belgilangan cheklovlarga amal qilishga, varrak uchirish uchun aeroportlardan uzoq va xavfsiz hududlarni tanlashga chaqirdi. Qayd etilishicha, oddiy qoidalarga rioya qilish har bir insonning parvozlar xavfsizligi va yo‘lovchilar xotirjamligiga qo‘shgan hissasidir.








