Daryo

AQSHda samolyot uchish yo‘lagidan chiqib ketdi va mashinalarga urildi. Qurbonlar bor (video)

Samolyot Amazon kompaniyasiga tegishli bo‘lib, yuk tashishga mo‘ljallangan edi. Hodisa oqibatida mashinalarda odamlar qisilib qolgan, besh kishi turli tan jarohati olgan.

2 daqiqa o‘qish5 794 ko‘rishlar0 izoh0

AQSHning Mayami xalqaro aeroportida 6-sentyabr kuni Amazon Prime Air kompaniyasining yuk samolyoti qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi. Oqibatda kamida besh kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Prime Air kompaniyasining 7598-reysi mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida aeroportning diogonal yo‘lagidan chiqib ketgan va bir nechta avtomobilga borib urilgan.

Hodisada yana besh kishi jarohatlangan. Ulardan uch nafari og‘ir ahvolda. Samolyot urilgan mashinalarda kamida ikki kishi qolib ketgan. Shuningdek, uchuvchi va ikkinchi uchuvchi ham samolyot ichida qisilib qolgan. Rasmiylar halok bo‘lganlarning shaxsini ochiqlashdan bosh tortdi.

Voqea joyiga 60 dan ortiq qutqaruv bo‘linmasi va 200 ga yaqin xodim jalb etildi. Tushdan keyin mutaxassislar samolyotdan yonilg‘i sizib chiqishini to‘xtatish bilan shug‘ullandi. Aeroport halokatdan so‘ng barcha reyslarni to‘xtatgan edi. O‘sha kuni kechqurun to‘rtta yo‘lakdan ikkitasi qayta ochildi.

Flightradar24 xizmatiga ko‘ra, samolyot Puerto Rikoning San Huan shahridan uchgan. Bu Boeing 767-300 yuk samolyoti 32 yildan beri ximat qilib kelayotgandi. Uchoq 1994-yildan 2015-yilgacha turli aviakompaniyalarda yo‘lovchi samolyoti bo‘lib xizmat qilgan.

Amazon vakilining bildirishicha, bu samolyotni Amazon uchun 21Air yuk aviakompaniyasi boshqargan.

“Bugun Mayamida samolyotimiz bilan sodir bo‘lgan halokatdan qayg‘udamiz. Halok bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz”, deyiladi 21Air saytidagi xabarda.

Voqea joyidan olingan suratlarida samolyotning burni yerga tegib, dumi yuqoriga ko‘tarilib qolgani ko‘rinadi. O‘ng tomonida yong‘in izlari bor. Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot yo‘lakdan chiqib ketayotganda tezligi soatiga 207 kilometr bo‘lgan.

AQSH fuqaro aviatsiyasi halokatlarini tergov qiluvchi Milliy transport xavfsizligi kengashi hodisani o‘rganish uchun Jennifer Homendi boshchiligidagi guruhni yubordi. Holat yuzasidan 7-sentyabr kuni Mayamida birinchi brifing o‘tkaziladi. Amazon kompaniyasi hozircha hodisa tafsilotlarini to‘plamoqda.

“Nima bo‘lganini aniq tushunish uchun mahalliy hokimiyat bilan yaqindan ishlayapmiz. Hozirgi asosiy vazifamiz jabrlanganlar xavfsizligi va ularning holidan xabar olishdir”, dedi Amazon kompaniyasi vakili Kelli Nantel.

Kuni kecha Gretsiyada qiruvchi samolyot aviashou vaqtida qulab tushgani haqida xabar berilgandi. Voqea F-4 Phantom qiruvchisi bilan yuz bergan. Samolyotni boshqarayotgan har ikkala uchuvchi halok bo‘lgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar