Daryo

O‘zbekiston aeroportlarida bir yilda 15,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi

Aeroportlarda yo‘lovchi va aviareyslar soni oshib, xalqaro hamda ichki qatnovlar faolligi kuchaydi. Shuningdek, yuk tashish hajmlarida o‘sish qayd etilib, aviatsiya bozoriga yangi xorijiy kompaniyalar jalb etildi.

1 daqiqa o‘qish2 498 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekiston aeroportlarida 2025-yilda 15,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, aeroportlar barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etdi. Yo‘lovchilar oqimi, aviareyslar soni hamda yuk tashish hajmlarida o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sish qayd etildi.

Yil davomida mamlakat aeroportlarida jami 128 972 ta aviareys amalga oshirilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 14 foizga ko‘pdir. Reyslarning 92 480 tasi xalqaro yo‘nalishlarga, 36 492 tasi esa ichki qatnovlarga to‘g‘ri kelgan.

2025-yilda O‘zbekiston aeroportlarida 15 504 264 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga oshgan. Shundan 12 707 101 nafar yo‘lovchi xalqaro reyslardan, 2 797 163 nafari esa ichki aviaqatnovlardan foydalangan.

Yuk tashish segmentida ham ijobiy dinamika saqlanib qoldi. Hisobot yilida aeroportlarda 98 137 tonna yuk va pochta jo‘natmalari qayta ishlangan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 12 foizga ko‘pni tashkil etdi.

Shuningdek, 2025-yilda O‘zbekiston aeroportlari tarmog‘iga to‘rtta xorijiy aviakompaniya jalb etildi. Xususan, Air China va China Eastern (Xitoy), Korean T’Way (Janubiy Koreya) hamda Malayziyaning Air Asia aviakompaniyalari mamlakat bozoriga kirib keldi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yil yakunlari O‘zbekiston aviatsiya sohasida izchil rivojlanish jarayoni davom etayotganini, xalqaro qatnovlar faolligi oshib borayotganini hamda ichki aviaqatnovlar bosqichma-bosqich kengayayotganini ko‘rsatmoqda.

Transport vazirligi o‘tgan yilda temiryo‘l transportida 10,9 million yo‘lovchi tashilgan, yuk tashish hajmi esa 106,4 million tonnaga yetganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, tranzit tashuvlar 12 million tonnadan oshgan.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish doirasida Baytqo‘rg‘on—Parkent va Samarqand—Urgut yo‘nalishlarida qurilish ishlari yakunlanib, Buxoro–Urganch–Xiva yo‘nalishi to‘liq elektrlashtirildi va natijada shunday temiryo‘llar ulushi 51 foizga yetkazildi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar