Eron Hormuz bo‘g‘ozining Ummon qismidan kemalarning erkin harakatlanishiga ruxsat berishi mumkin. AQSH bilan mojaroning qayta avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kelishuvga erishilsa, Eron shunday qadamga tayyor. Bu haqda Reuters manbasi xabar berdi.
Urush oqibatida dunyo bo‘ylab neft va gaz yetkazib berishda tarixdagi eng yirik uzilishlardan biri yuz berdi. Sababi neft va gaz oqimlarining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi yopib qo‘yildi. Eronga qarshi urush boshlangan 28-fevraldan buyon yuzlab tankerlar, kemalar va 20 000 nafar dengizchi Fors ko‘rfazida qolib ketdi. AQSH va Eron 8-aprel kuni ikki haftaga o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.
AQSH prezidenti Donald Tramp urush yakuniga yaqinlashayotganini aytgan bo‘lsa-da, Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat muzokaralardagi asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Masalaning nozikligi sababli ismini oshkor qilmagan manbaga ko‘ra, Eron kemalarga Hormuzning Ummon suvlaridagi qismidan hech qanday to‘siqsiz harakatlanishga ruxsat berishi mumkin.
Ammo Eron o‘sha hududda joylashtirgani taxmin qilinayotgan minalarni tozalashga rozi bo‘lish-bo‘lmasligi noma’lum. Shuningdek, Isroilga aloqador kemalarga ham erkin o‘tishga ruxsat berilishi ma’lum emas, deyiladi xabarda.
Manba taklifning amalga oshishi Vashingtonning Tehron talablarini qabul qilishiga bog‘liq ekanini ta’kidladi. Bu Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha har qanday kelishuvdagi asosiy shart hisoblanadi.
G‘arbdagi xavfsizlik manbasi kemalarning Ummon suvlaridan to‘siqsiz o‘tishiga ruxsat berish taklifi ustida ish olib borilganini ta’kidladi. Biroq bu borada Vashington qanday reaksiya bildirgani hozircha noma’lum.
Eron va Ummon o‘rtasida joylashgan, kengligi atigi 34 kilometr bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Hind okeani bilan bog‘laydi. U Yaqin Sharqdan energiya resurslari hamda o‘g‘itlarni tashishda asosiy yo‘lak hisoblanadi. Bo‘g‘oz bo‘yicha taklif Tehronning ayrim qat’iy talablaridan ortga chekinishi sifatida qaralmoqda.
Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanadigan kemalardan to‘lov undirmoqchi. Jahon kemachilik sanoati bu kabi choralarni dengiz konvensiyalarini buzuvchi, misli ko‘rilmagan bir tomonlama qadamlar deb biladi.
Hormuz blokadasi
11-aprel kuni Pokistonning Islomobod shahrida Eron va AQSH delegatsiyalari urushni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha muzokara olib bordi. Ammo 21 soat davom etgan muzokara muvaffaqiyatsiz tugadi. AQSH vitse-prezidenti Eron asosiy shartlarni, jumladan, yadro qurolini ishlab chiqarmaslik talabini qabul qilmaganini aytdi. Tehron esa muzokaralarda “haddan ortiq” talablar qo‘yilganini ta’kidlamoqda.
Financial Times’ning yozishicha, muzokaralar Hormuz bo‘g‘ozi sababli boshi berk ko‘chaga kirgan. AQSH bo‘g‘ozni birgalikda boshqarishni va undan harakatlanadigan kemalardan to‘lov olinmasligini xohlaydi.
Muvaffaqiyatsiz muzokaralar ortidan AQSH prezidenti 13-aprel kuni Hormuz bo‘g‘ozini blokada qildi va undan o‘tuvchi kemalar Eronga to‘lov qilsa, ular qo‘lga olinishini ta’kidladi. Endilikda Saudiya Arabistoni AQSHni blokadani to‘xtatishga chaqirmoqda. Sababli rasmiylar Eron blokadaga javoban Qizil dengizdagi Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopib qo‘yishidan xavotirda. Urush sababli Hormuz bo‘g‘ozi yopilgach, Saudiya o‘zining neftini Qizil dengiz orqali eksport qilib kelmoqda.








