Markaziy bank joriy yil noyabr oyida aholi va tadbirkorlar oʻrtasida inflyatsion kutilmalar boʻyicha soʻrov oʻtkazdi. Natijalarga koʻra narxlar oshishi boʻyicha kutilmalar biroz yumshagan.
Soʻrovga qatnashgan aholi kelgusi bir yil ichida tovar va xizmatlar narxi oʻrtacha 11,5 foizga oshishini kutmoqda. Bu koʻrsatkich oktyabr oyida 11,7 foiz edi. Tadbirkorlar esa narxlar 10,5 foizga koʻtarilishini prognoz qilmoqda, mazkur koʻrsatkich bir oy avvalgi 11,1 foizdan past.
Aholi orasida kommunal xizmatlar qimmatlashishini kutayotganlar soni oshgan. Shu bilan birga, yoqilgʻi va energiya resurslari narxi koʻtarilishini taxmin qilayotganlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Bunda narxlar keskin oshishini kutayotganlar eng koʻp maishiy xizmatlar sohasida kuzatilib, bu koʻrsatkich 13,6 foizni tashkil etgan. Eng past kutilmalar umumiy ovqatlanish sohasida qayd etilgan.
Tadbirkorlar kesimida taʼlim sohasida faoliyat yurituvchilar narxlar yuqori darajada oshishini kutayotganini bildirgan (12,4 foiz). Hunarmandchilik bilan shugʻullanuvchi biznes vakillari esa eng past inflyatsion kutilmalarni qayd etgan (8,8 foiz).
Hududlar boʻyicha aholi orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar Toshkent shahrida — 12,8 foiz, eng past koʻrsatkich Xorazm viloyatida — 10,4 foiz boʻlgan.
Biznes vakillari orasida Samarqand viloyatida narxlar eng yuqori — 12,6 foiz, Fargʻona viloyatida eng past — 9,6 foiz darajada oshishi kutilmoqda.
Daromad darajasiga koʻra, oylik daromadi 30 million soʻmdan oshadiganlar narxlar eng yuqori darajada — 17,8 foiz oshishini kutmoqda. 20–30 million soʻm daromadga ega respondentlar orasida bu koʻrsatkich 14,6 foizni tashkil etgan.
Noyabrda aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi 11,8 foiz boʻldi. Bu koʻrsatkich oktyabrda 12,4 foiz edi. Oʻtgan oyda elektr va gaz narxi oshganini aytganlar soni koʻpaygan. Shuningdek, dorilar, meva-sabzavot, kiyimlar qimmatlashganini bildirganlar ulushi ortgan.
Ma’lumot uchun, 2025-yil martdagi hukumat qaroriga asosan, 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran elektr va gaz narxlari har yili 1-maydan yillik inflyatsiya darajasiga moslab oshiriladi. Shu bilan birga, issiq suv va issiqlik taʼminoti tariflari ham har yili sezilarli oshirilishi koʻzda tutilgan.








