Toshkentning Yashnobod tumanida 30-mart kuni Malibu haydovchisi PPX xodimiga musht tushirgandi. Uning Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida mas’ul lavozimida ishlagan akasi 3-aprel kuni ishdan olindi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligida viloyat boshqarmasida o‘tgan yig‘ilishda tizimdagi kamchiliklar, jumladan, ayrim xodimlarning xizmat vazifalariga loqayd yondashuvi, profilaktika ishlari samaradorligi pastligi va jinoyatchilikka qarshi kurashda tizimli yondashuv yetishmasligi keskin tanqid qilindi.
Xususan, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan holat — PPX xodimiga qo‘l ko‘targan haydovchiga aloqador shaxs, ya’ni uning ichki ishlar tizimida ishlovchi akasining voqeaga aralashishga uringani alohida ko‘rib chiqildi. Ushbu holat xizmat vakolatlaridan noto‘g‘ri foydalanish ehtimoli sifatida baholandi.
Yig‘ilishda podpolkovnik Sherzod Pardayev xizmat intizomini buzganligi uchun lavozimidan ozod etilgani bildirildi. Shu bilan birga, mansabidan qat’i nazar, qonuniylik va xizmat intizomini buzgan har qanday xodimga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi davom ettirilishi ta’kidlandi.
Hozirda qonunbuzar protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi, hokimiyat vakiliga qarshilik koʻrsatish, 277-moddasi (bezorilik)3-qismi “g” bandi, bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini koʻrgan xodimga qarshilik koʻrsatish bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.








