Energetika bozorlarini ostin-ustun qilib yuborgan urush boshlanganiga bir oydan oshgan va Hormuz bo‘g‘ozi yopiq bir paytda, Iroq Suriya hududi orqali yuk mashinalarida xom neft eksport qilishni boshladi.
OPEC tashkilotining asoschilaridan biri bo‘lgan Iroq o‘z byudjet daromadlarining qariyb 90 foizida neft eksportiga bog‘lanib qolgan. AQSH va Isroil zarbalariga javoban Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygunga qadar, Iroq o‘z neftining asosiy qismini aynan shu yo‘nalish orqali eksport qilar edi.
Mintaqadagi boshqa eksportchi davlatlar kabi Iroq ham muqobil yo‘nalishlarni qidirishga majbur bo‘ldi. Mamlakat Neft vazirligi 1-aprel oqshomida qo‘shni Suriya orqali tanker-yuk mashinalarida neft eksporti boshlanganini tasdiqladi. Suriya tomoni neftning o‘z hududi orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlashga va’da berdi. Vazirlik eksport hajmi “asta-sekinlik bilan” oshirib borilishini qo‘shimcha qildi.
Iroq neft sektoridagi manbaning AFP agentligiga ma’lum qilishicha, eksportning dastlabki bosqichi doirasida rejalashtirilgan 299 ta yuk mashinasidan 178 tasi O‘rta Yer dengizi sohilidagi Baniyas porti zavodiga yetib borgan.
“Ushbu turdagi ilk yuk partiyasi qo‘shni Iroqdan At-Tanf chegara punkti orqali kirib keldi. Neft tashuvchi mashinalar Baniyas terminalida bo‘shatiladi va keyingi eksport uchun tankerlarga yuklanadi”, deya tushuntirish berdi Suriya davlat neft kompaniyasi matbuot kotibi Safvan Shayx Ahmad.
Mart oyida Iroq Turkiyaning Jayhan porti orqali kuniga 250 ming barrel miqdorida cheklangan neft eksportini qayta tiklaganini e’lon qilgan edi.








