AQSH va Isroilning Eronga qarshi urush boshlaganiga qariyb 50 kun bo‘ldi. Bu vaqt ichida dunyo bozori 50 milliard dollardan ortiq xom neftni yo‘qotdi. Analitiklar va Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, bu inqiroz asoratlari kelgusi oylar va hatto yillar davomida seziladi.
Tarixdagi eng yirik uzilish
28-fevralda urush boshlanganidan beri jahon bozoriga 500 million barreldan ortiq neft va kondensat yetkazib berilmadi. Kpler analitika kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu zamonaviy tarixdagi eng yirik energiya uzilishidir.
Wood Mackenzie tahlilchisi Iain Movatning tushuntirishicha, yo‘qotilgan 500 million barrel neft quyidagilarga teng:
- butun dunyo aviatsiya talabining 10 haftalik miqdori;
- yer yuzidagi barcha transport vositalarining 11 kunlik harakati;
- global iqtisodiyotning 5 kunlik neft iste’moli;
- AQSHning deyarli bir oylik yoki butun Yevropaning bir oydan ortiq neft ehtiyoji;
- AQSH harbiylarining qariyb 6 yillik yonilg‘i iste’moli;
- dunyo xalqaro yuk tashish sanoatining 4 oylik faoliyati.
Urush davrida Fors ko‘rfazi davlatlari kuniga qariyb 8 million barrel neft ishlab chiqarish hajmini yo‘qotdi. Bu dunyoning eng yirik kompaniyalari — Exxon Mobil va Chevron’ning umumiy ishlab chiqarish hajmiga tengdir.
Aviatsiya yonilg‘isi eksportida ham keskin pasayish kuzatildi. Xususan, Saudiya, Qatar, BAA, Kuvayt, Bahrayn va Ummonning eksporti fevral oyidagi 19,6 million barreldan mart—aprel oylarida 4,1 million barrelgacha tushib ketdi. Ushbu yo‘qotish Nyu York va London o‘rtasidagi 20 000 ta aviareysga yetadigan yonilg‘i deganidir.
Kpler tahlilchisi Yoxannes Rauballning so‘zlariga ko‘ra, neft narxi o‘rtacha 100 dollar bo‘lgani sababli, umumiy zarar 50 milliard dollarga yetgan. Bu Germaniya yalpi ichki mahsulotining 1 foiziga yoki Latviya va Estoniya kabi davlatlarning butun yalpi ichki mahsulotiga teng mablag‘dir.
To‘liq tiklanish yillar talab qilishi mumkin
Eron Hormuz bo‘g‘ozini 17-aprel kuni ochgan bo‘lsa, ertasi kuni uni qayta yopdi. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi dengiz blokadasi bekor qilinmagani sabab bo‘ldi. Ammo 20-aprel kuni tomonlar o‘rtasida Islomobod (Pokiston) shahrida muzokara bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Hormuz ochilgan taqdirda ham, ekspertlar fikricha, neft oqimining tiklanishi juda sekin kechadi. Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida global neft zaxiralari 45 million barrelga kamaydi. Mart oyi oxiridan beri ishlab chiqarishdagi uzilishlar kuniga 12 million barrelni tashkil etmoqda.
Kuvayt va Iroqdagi neft konlarini normal holatga qaytarish uchun to‘rt-besh oy vaqt kerak bo‘ladi. Qatardagi Ras Laffan suyultirilgan gaz majmuasi va neftni qayta ishlash zavodlariga yetgan zarar tufayli mintaqa energiya infratuzilmasini to‘liq tiklash uchun yillar kerak bo‘lishi mumkin.








